Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutida Qora dengiz iqtisodiy forumi boshqaruvi vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
18:56 / 2021-07-14

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tgan yili Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etilib, joriy yilning 15-16 iyul kunlari poytaxtimizda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida yuqori darajadagi xalqaro konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.

Bugun ana shu konferensiya doirasida Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori U.Abidxadjayev Boltiq-Qora dengiz iqtisodiy forumi boshqaruvi raisining o‘rinbosari, Ukrainaning sobiq iqtisodiyot vaziri Vladimir Makuxa bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori U.Abidxadjayev mehmonlarga yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan aholini bandligini ta’minlash, ta’lim va mehnat bozori sinxronizatsiyasi, “yashil energetika” borasidagi progress hamda institutda olib borilayotgan istiqboldagi rejalar haqida so‘zlab berdi.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, so‘nggi to‘rt yil ichida yurtimizda o‘rta va oliy ta’lim sohalari, ilmiy-tadqiqot muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha tizimli, izchil va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan bu yillar ichida mamlakatimizda 47 ta yangi oliy ta’lim muassasasi, jumladan, xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etilib, oliy o‘quv yurtlarining umumiy soni 125 taga yetdi.

Boltiq-Qora dengiz iqtisodiy forumi boshqaruvi raisining o‘rinbosari Vladimir Makuxa O‘zbekistonda yuz bergan so‘nggi o‘zgarishlar va islohotlar juda muhim va o‘z vaqtida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, Polsha, Ukraina va Latviya o‘rtasida “uch burchak” shaklida yo‘lga qo‘yilgan transport va savdo yo‘lakchasi haqida so‘zlab, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston o‘rtasida ana shunday “iqtisodiy uch burchak” hamkorligini yo‘lga qo‘yish orqali yangi iqtisodiy salohiyatga erishish imkoniyati yanada ortishi haqida taklif bildirdi.

«Biz O‘zbekiston bilan mavjud munosabatlarni qadrlaymiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo, sanoat va logistika yo‘nalishidagi hamkorlikni o‘sishidan xursand bo‘lamiz. Biz, iqtisodchilar, savdo har doim foydali ekanini bilamiz», – deydi Vladimir Makuxa.

Muzokaralarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalaridagi davlatlarning bir-biriga o‘zaro bog‘liq jihatlari, qo‘shnichilik munosabatlari, kadrlar malakasini oshirish va ilmiy yo‘nalishda erishilayotgan yutuqlar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlik istiqbollari haqida kelishib oldi.

Sayyora Shoyeva, Alimurot Mamadaminov (surat), O‘zA