Ichki ishlar vazirligi tomonidan profilaktika xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, xodimlarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Navoiy viloyatida keng qamrovli amaliy o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotlarida umumta’lim maktablariga biriktirilgan voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar hamda oliy ta’lim muassasalariga biriktirilgan profilaktika inspektorlari ishtirok etdi.

– O‘quv jarayonlari davomida ishtirokchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, profilaktik faoliyatda psixologik yondashuvlarni to‘g‘ri qo‘llash, shuningdek, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar bilan ishlashda samarali va zamonaviy usullardan foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi, – deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov. – Mashg‘ulotlarda profilaktika tadbirlarini amalga oshirishda inson omilini inobatga olish, muammoli vaziyatlarga individual yondashuvni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, sohada qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, ularni amaliyotga tatbiq etish mexanizmlari hamda qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar yuzasidan batafsil tushunchalar berildi. Bu esa profilaktika xizmatlari xodimlarining huquqiy bilimini mustahkamlashga xizmat qildi.

Amaliy mashg‘ulotlar interaktiv tarzda tashkil etildi. Hayotiy misollar asosida tajriba almashish, muammoli vaziyatlarni tahlil qilish hamda ularga yechim topish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Ishtirokchilar o‘rtasida faol muloqot o‘rnatilib, profilaktika faoliyatida uchrayotgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.


Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari profilaktika xizmatlari faoliyati samaradorligini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, shuningdek, yoshlar va xotin-qizlar manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA