Joriy yil yanvar oyida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish bo‘yicha davlatimiz rahbari o‘tkazgan yig‘ilishda har qanday huquqbuzarlikning oldini olishda asosiy bo‘g‘in – mahalla profilaktikasi ekani alohida qayd etildi.
Haqiqatan shunday. Chunki, profilaktik choralar jinoyatchilikning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.
Ichki ishlar organlarida profilaktika xizmati tashkil etishdan maqsad ham shu. Qolaversa, sohani xalqqa yanada yaqinlashtirish.
Prezidentimiz ushbu sohada ayrim muammolar yig‘ilib qolganini tanqid qilib, ularning faoliyatini bugungi kun talablariga moslashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Endilikda mahalla profilaktika inspektorining xizmat xonasi eshigi u bilan tezkor bog‘lanish uchun aloqa tugmasi bilan jihozlanadi. Profilaktika inspektori qayerda bo‘lmasin, aholi uni qo‘l telefoni va planshetiga tunu kun bog‘lanishi mumkin bo‘ladigan imkoniyat yaratiladi.
Qo‘yilayotgan topshiriqlardan kelib chiqib, soha xodimlari o‘z faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, yangicha asosda ishlashga harakat qilmoqda.
– Prezidentimizning joriy yil 27-yanvar kuni o‘tkazgan tanqidiy yig‘ilishlarida o‘zim ham ishtirok etdim, – deydi Toshkent shahar Shayxontohur tumani Katta hovuz mahallasi profilaktika katta inspektori Farhod Abdullayev. – Unda profilaktika inspektorlari xizmati samaradorligini oshirishga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, xizmat xodimlari uchun katta imkoniyatlar yaratilishiga, yana qo‘shimcha vakolatlar berilishiga ham urg‘u berildi. Shu o‘rinda aytib o‘tmoqchimanki, mahallamiz besh yil davomida “qizil hudud”da bo‘lgan. Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. “Mahalla yettiligi” sa’y-harakati bilan 2025-yilda mahallamizda birorta ham jinoyat sodir etilmadi. Bunda, xavfsiz hudud, xavfsiz xonadon tamoyili aosida ish yuritilayotgani, mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirishga harakat qilinayotgani natijasini bermoqda. Bu jarayonda bizga post-patrul xizmati ham yaqindan yordam bermoqda. Bundan keyin ham faoliyatimizni kuchaytirib, jinoyatchilikka yo‘l qo‘ymaslikka va’da beramiz. Prezidentimizning ishonchini oqlaymiz.
Aytib o‘tish kerakki, Toshkent shahar profilaktika inspektorlari tomonidan jinoyatchilikning oldini olishga e’tibor qaratilmoqda. Sodir bo‘layotgan jinoiy xatti-harakatlarni vaqtida aniqlab, ularni joyida muhokama qilish, shunday jinoyat qayta sodir etilmasligiga harakat qilinmoqda.
2025-yil davomida Toshkent shahar profilaktika inspektorlari tomonidan 671 jinoyat fosh etilgan. 13 ming 455 sovuq qurol olib yurish holatlari aniqlanib, ularning barchasiga ma’muriy chora ko‘rilgan. 896 nafar profilaktik hisobda turgan tajovuzkor ruhiy kasallar, giyohvandlar va spirtli ichimlikka ruju qo‘yganlar majburiy davolanishga yotqizilgan.
Xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida 3 ming 141 nafar ayolga “Himoya orderi” berilgan. 375 nafari ishga joylashtirilgan.
Mingdan ziyodiga moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan. 83 nafari tibbiyot dispanseriga yuborildi. 43 nafari ta’lim muassasalariga qaytarilgan. 62 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatilgan. 3,7 ming nizoli oila o‘rganilgan bo‘lsa, 3 ming 12 nizoli oilaning notinchligiga barham berilgan.
Bu kabi chora-tadbirlar poytaxtda xavfsiz muhitni yaratish, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini saqlashga xizmat qilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/84dlwKGk-Es" title="Profilaktika xizmati qanday faoliyat yuritmoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova,
Yoqub Meliboyev (video), O‘zA