O‘tgan 2025 yilda Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida tibbiyot sohasida profilaktika va skrining tadbirlari keng ko‘lamda amalga oshirildi. Tuman tibbiyot birlashmasi ma’lumotlariga ko‘ra, aholini profilaktik ko‘riklardan o‘tkazish va kasalliklarni erta bosqichda aniqlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirildi.
Tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Abduvali Shamatovning bildirishicha, amalga oshirilgan chora-tadbirlar aholi salomatligini nazorat qilish, xavf guruhlarini aniqlash va ularni o‘z vaqtida tibbiy kuzatuvga olish imkonini berdi. Natijada ayrim kasalliklar og‘ir asoratlarga yetmasdan, ilk bosqichda aniqlanmoqda.

Ayollar salomatligini muhofaza qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 30–65 yoshli ayollar ko‘krak bezi saratoniga, 30–50 yoshlilar bachadon bo‘yni saratoniga qarshi skrining tekshiruvlaridan o‘tkazildi. Bu tadbirlar doirasida minglab ayollar tibbiy ko‘rikdan o‘tib, salomatlik holati baholandi. Shuningdek, 1 027 nafar homilador ayol prenatal skriningdan o‘tkazildi.

Profilaktik ko‘riklar aholining turli yosh guruhlarini qamrab oldi. Xususan, 18–40 yoshli 29 647 nafar fuqaro umumiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 40 yoshdan katta aholi o‘rtasida esa yurak-qon tomir kasalliklari hamda qandli diabetni aniqlashga qaratilgan tekshiruvlar amalga oshirildi. Ushbu jarayonda qandli diabet bilan nazoratda turgan 22 nafar bemorga tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Ijtimoiy soha bilan hamkorlikda ham qator ishlar amalga oshirildi. Nogironligi bo‘lgan bolalarning 86 foizi ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olindi. Shuningdek, 17 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bola jamiyatga integratsiya qilindi. Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 45 nafar shaxs tegishli ijtimoiy xizmatlarga yo‘naltirildi.
Aholini sog‘lom turmush tarziga jalb etish maqsadida ommaviy sport tadbirlari tashkil etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, aholining 32 foizi ommaviy sport tadbirlarida ishtirok etdi. Shu bilan birga, 8 ming nafar yosh turli sport musobaqalarida qatnashdi.

– Profilaktik tekshiruvlar va zamonaviy diagnostika aholi salomatligini saqlashda asosiy omil bo‘lib hisoblanadi. Shu bilan birga, sport va sog‘lom turmush tarzi ko‘plab kasalliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi A. Shamatov.

Bolalarni infeksion kasalliklarga qarshi emlash ishlari ham belgilangan reja asosida olib borildi. Shuningdek, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, qayta tayyorlash hamda reabilitatsiya xizmatlari bo‘yicha o‘quvlar tashkil etildi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, profilaktika va skrining tadbirlari joriy yilda ham davom ettirilib, nafaqat tumanda, balki viloyat miqyosida ham aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan ishlar izchil olib boriladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri