Poytaxtimiz tumanlarida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini mustahkamlash hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Yunusobod tumanida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Yunusobod tuman hokimligi, Ichki ishlar vazirligi tizimi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, birgalikdagi xizmatlar tashkillashtirilmoqda.
Mahallalar kesimida kriminogen vaziyatni tahlil qilish, huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish, ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Har bir mahalla bo‘yicha “xavfsiz hudud” tamoyili asosida manzilli profilaktika rejalari ishlab chiqilib, mas’ul idoralar kesimida aniq vazifalar belgilab berilgan.
Jinoyatlarning aksariyat qismi tungi vaqtda sodir etilayotganini inobatga olgan holda, tungi xizmatlar kuchaytirilgan tartibda tashkil etilmoqda. Piyoda, mototsikl va otliq patrullik guruhlari soni oshirilib, aholi gavjum joylar, savdo va ko‘ngilochar maskanlar, ichki ko‘chalar hamda yoritilishi yetarli bo‘lmagan hududlarda nazorat kuchaytirilgan.
Shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda videokuzatuv tizimlari imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Profilaktika inspektorlari, mahalla faollari va jamoatchilik vakillari ishtirokida fuqarolar yig‘inlari, sayyor qabullar hamda huquqiy tushuntirish ishlari muntazam ravishda o‘tkazilib, aholining murojaatlari tezkorlik bilan ko‘rib chiqilmoqda. Bu esa jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, nizoli holatlarni joyida hal etish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jkRqLbUwh2s" title="Profilaktika va nazorat choralari kuchaytirilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova, Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA