Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Profilaktika inspektorlariga huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzish vakolati berilmoqda
15:59 / 2025-07-21

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi hamda jamoat tartibini saqlash sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Mazkur qonun loyihasi bilan huquq-tartibot maskanlaridagi profilaktika bosh va kichik inspektoriga ma’muriy ishlarni ko‘rish va choralarni qo‘llash vakolati berilmoqda.

— Bugungi kunda mamlakatimizda jamoat tartibini saqlash, mahallalarda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi fraksiya a’zosi Kozim Tojiyev. — Ushbu yo‘nalishda davlatimiz rahbarining tegishli qarori qabul qilingan va bu qaror bilan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, fuqarolarning tinch hayotini ta’minlash maqsadida profilaktika bosh inspektori va kichik inspektor lavozimi joriy qilingan hamda ularga qator vazifalar yuklatilgan. Shu bilan birga, ayrim qonunlarimizda ushbu lavozimdagi vakillarning o‘z vazifa va vakolatlarini to‘liq amalga oshirishga qaratilgan normalar belgilanmagan edi. Mazkur qonun loyihasi bilan mahallalarning profilaktika bosh inspektori va kichik inspektoriga huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzish vakolatini berish ko‘zda tutilmoqda.  

Bundan tashqari, hozirda ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati inspektorlariga aniqlangan ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirish vakolati berilgan. Ammo ma’muriy bayonnomalarni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish vakolati yo‘q edi, bu vakolat profilaktika bosh inspektorlariga yuklatilgan edi. Endilikda ushbu qonun loyihasi bilan patrul-post xizmatining mansabdor shaxslari tomonidan tuzilgan ma’muriy bayonnomalarni ko‘rib chiqish vakolati ularning rahbariyatiga ham berilmoqda.

Bu, bir tomondan fuqarolar ovoragarchiligining oldini olsa, ikkinchi tomondan mahallalarda jamoat tartibini saqlashga qaratilgan sa’y-harakatlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.  

Fraksiya a’zolari ushbu hujjat partiya dasturiy maqsadlariga hamohang ekanini ta’kidlab, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda jamoat tartibini saqlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirishini qayd etdilar.

Muhtarama Komilova,

O‘zA