Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Profilaktika inspektorlari – mahallaning ichki ishlar organlaridagi haqiqiy vakili
10:01 / 2021-12-16

Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda

Mamlakatimizda ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish, uni mutlaqo yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish, soha xodimlarining aholi bilan hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida mavjud mahallalarning har birida kamida bir nafardan profilaktika inspektori faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida qo‘shimcha 2,8 mingdan ziyod shtat birligi tashkil etildi. 

Ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli bajarish uchun har bir xodim keng dunyoqarashli, yuksak ma’naviyat sohibi bo‘lishi lozim. Ana shu maqsadda Prezidentimizning 2021 yil 2 apreldagi qarori bilan Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiyada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil etishda ichki ishlar organlari amaliyotida ilk bor yettita vazirlik va idora bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Bularning barchasi shaxsiy tarkib bilan o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy hamda tarbiyaviy ishlarni yanada kuchaytirish imkoniyatini yaratdi.  
Konsepsiyada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ichki ishlar organlarida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, har haftaning juma kuni “Vatanparvarlik kuni” tadbirlari tashkil etilishi an’ana tusiga kirdi. Idoraviy ta’lim muassasalarida esa “Vatanparvarlik asoslari”, “Ma’naviyat asoslari”, “Vatanparvarlik tarbiyasi”, “Kasbiy madaniyat” kabi fanlar o‘qitilishi joriy etildi. O‘tgan qisqa davr ichida 60 mingdan ortiq turli ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbir, davra suhbatlari, tarbiyaviy-profilaktik hamda targ‘ibot-tashviqot yig‘inlari o‘tkazildi.  

Ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida ichki ishlar vaziri raisligida Ma’naviyat va ma’rifat kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Kengash a’zoligiga tarkibiy va hududiy bo‘linmalarning 50 nafar rahbari kiritildi. Avvallari ushbu ishlar bilan faqat kadrlar bo‘linmalari shug‘ullangan bo‘lsa, endilikda barcha toifadagi rahbarlarning asosiy vazifalaridan biriga aylandi. 

bugungi kunda xodimlarda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida ichki ishlar organlarida jami 22 ta muzey va 351 ta “Ma’naviyat va ma’rifat” xonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Yurtimizda yosh avlodga bo‘lgan e’tibor har qachongidan ham kuchaygan. Chunonchi, bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida ham tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Prezidentimizning 2021 yil 2 apreldagi qaroriga muvofiq, mamlakatimiz bo‘yicha ichki ishlar organlarida voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha jami 1100 ta inspektor-psixolog lavozimi joriy etildi va ularning bevosita xizmat o‘tash joyi sifatida umumiy o‘rta ta’lim maktablari belgilandi.  

“Mahalla – ham onang, ham otang” hikmati bejiz aytilmagan. Mahallaning tarbiya maskani sifatida yanada shakllanishiga barcha birdek hissa qo‘shmog‘i lozim. Shularni hisobga olgan holda mahalla va qishloqlarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini bevosita amalga oshirish, shuningdek, fuqarolarning xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlash borasida ichki ishlar organlari, boshqa huquq-tartibot idoralari va jamoat tuzilmalarining mahallalar kesimida birgalikda ishlashini tashkil etish maqsadida Mahalla huquq-tartibot maskani tuzilmasi joriy qilindi. Ushbu maskanda profilaktika inspektorlari aholining muammolarini yaqindan o‘rganish maqsadida “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” tamoyillari asosida ishlash tizimiga o‘tildi.

Mamlakatimizdagi keng ko‘lamli islohotlar doirasida aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash hamda jamiyatimizda qonunga itoatkorlik va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi ishlarni “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizm va tartiblari joriy etilib, davlat organlarining jamoatchilik tuzilmalari bilan o‘zaro maqsadli hamkorligi yo‘lga qo‘yildi. 

Shu bilan birga, jahonda kuchayib borayotgan turli xavf-xatar va ziddiyatlar, el-yurt tinchligi va osoyishtaligiga tahdidlar, pandemiya, tabiiy va texnogen ofatlar mas’ul davlat tuzilmalariga o‘z faoliyatini “Barcha sa’y-harakatlar inson qadri uchun” ustuvor g‘oyasi asosida yanada takomillashtirish vazifasini yuklamoqda.  

Prezidentimizning 2021 yil 29 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazkur sohaviy xizmatdagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Unga ko‘ra, ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyatini ta’minlash, profilaktik hisob va ma’muriy nazoratdagi shaxslarni ijtimoiy moslashtirish ishlarini tashkil etish, voyaga yetmaganlar va yoshlar, ayniqsa, ularning uyushmagan qismi bilan manzilli tarbiyaviy va profilaktik chora-tadbirlarni samarali tashkil etish orqali ular orasida huquqbuzarliklarning oldini olish Jamoat xavfsizligi departamentining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.  

Ichki ishlar organlari, ayniqsa, profilaktika inspektorlari kundalik faoliyatida bevosita aholi bilan muloqotda bo‘ladi. Tabiiyki, fuqarolar turli masalalarda murojaat etadi. Qolaversa, jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish uchun osoyishtalik posboni kerakli bilimlarga ega, salohiyatli kadr bo‘lmog‘i kerak. Bu esa ulardan, ayniqsa, chuqur huquqiy bilimli bo‘lishni talab etadi. Shuning uchun farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 sentyabrdan e’tiboran Toshkent shahri ichki ishlar organlari, 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab qolgan hududiy ichki ishlar organlari profilaktika katta inspektori lavozimlariga faqat oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan xodimlar tayinlanadi. Bunga erishish maqsadida profilaktika inspektorlari uchun IIV akademiyasi sirtqi ta’limiga qabul qilinadigan xodimlar umumiy sonining kamida yigirma besh foizi miqdorida qabul kvotasi ajratiladi.  

Hujjatda fidoyi  xodimlarni rag‘batlantirish ham ko‘zda tutilgan. 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab faoliyatida yuqori natijalarga erishgan Toshkent shahri va viloyati ichki ishlar organlaridan ikki nafardan, qolgan hududiy ichki ishlar organlaridan bir nafar profilaktika inspektori departament boshlig‘i taqdimnomasiga asosan IIV akademiyasining sirtqi ta’limiga imtihonlarsiz qabul qilinadi hamda bepul o‘qitiladi.  

Shu o‘rinda Prezidentimizning 2021 yil 30 noyabrdagi “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining yuridik yo‘nalishdagi bilimlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori xususida to‘xtalib o‘tish joiz. Unga asosan, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab ichki ishlar organlarida uch yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan, kasbiga fidoyi, tashabbuskor profilaktika (katta) inspektorlarini Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda yurisprudensiya sohasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lgan boshqa davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarisiz sirtqi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilish tartibi joriy etiladi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti bundan mustasno. O‘qishga qabul qilish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi hamda kontrakt mablag‘lari respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan Ichki ishlar vazirligi orqali to‘lab beriladi. 

Hujjatda profilaktika inspektorlarining hududda, xususan, shahar va qishloq sharoitida faoliyat yuritishi bo‘yicha aniq mexanizmlarni nazarda tutuvchi “shahar inspektori” va “qishloq inspektori” modellarini amaliyotga joriy etish choralarini ko‘rish va ular bo‘yicha o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlash joizki, tizimdagi bosqichma-bosqich islohotlar zamirida o‘sib kelayotgan yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ongiga milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdirish hamda yuksak ma’naviyatli va sadoqatli qilib voyaga yetishini ta’minlash maqsadi yotadi. Bu borada IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti ichki ishlar organlarida tashkil etilayotgan “Vatanparvarlik burchaklari” o‘rnatilgan tartibda jihozlanishida amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Eng asosiysi, departament tashabbusi bilan chop etilayotgan turli kitoblar yosh xodimlarning ma’naviyati oshishida muhim ahamiyat kasb etayotir. 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, yangi O‘zbekiston sharoitida ichki ishlar organlari xodimlari, ayniqsa, xalqqa eng yaqin bo‘lgan profilaktika inspektorlari oldida muhim vazifalar turibdi. Bu vazifalarni samarali bajarish esa ulardan kasbiy mahorat, boy tajribadan tashqari chuqur huquqiy bilimni ham talab etadi. Prezidentning yuqorida tilga olingan farmon va qarorlari ana shu ehtiyojlarni qondirishga xizmat qiladi. Qolaversa, har tomonlama bilimli profilaktika inspektorlarigina davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, mahallaning ichki ishlar organlaridagi haqiqiy vakili bo‘la oladi. 

 

Hamza MAXSUMOV, 
Ichki ishlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti 
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar xizmati boshlig‘i, polkovnik.