Mudofaa vazirligi tomonidan “Yoshlarda milliy g‘urur, ona yurtga sodiqlik, vatanparvarlik va millatparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish borasida tashkil etilgan ishlar” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.
Qayd etilganidek, hududlar bo‘yicha “Aholi va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish tizimini joriy etish borasida kompleks chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.
bugungi kunga qadar 9 mingdan ziyod umumta’lim maktablari harbiy qismlarga biriktirilgan. Jumladan, umumta’lim maktablarida 6 ming 74 ta chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik sinfi zarur jihozlar bilan ta’minlandi, poligonlardagi jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari va taktik o‘quvlarida 30 ming 500 nafardan ortiq yoshlarning ishtiroki ta’minlandi.
Profilaktik hisobda turgan hamda salbiy illatga moyil yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning farzandlari uchun “Er yigitning er yigitga aytgan gapi ta’sirli bo‘ladi” g‘oyasi ostida 500 dan ortiq bir kunlik vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazildi va ushbu tadbirlarga 14 ming 750 dan ortiq yoshlar jalb qilindi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha 940 ta turli intellektual, sport va san’at to‘garaklari tashkil etilib, ularga 23 ming 423 nafar yosh jalb etildi. Shuningdek, Mudofaa vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda harbiy qism va muassasalarga ekskursiyalar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, o‘zaro sport musobaqalari, targ‘ibot aksiyalari tashkil etildi.
Ana shunday tadbirlar natijasida Respublika bo‘yicha ichki ishlar organlarida profilaktik hisobida turgan 45 ming 956 nafar yoshdan 2020 yilning o‘tgan davrida 30 ming 877 nafari (67 foizi) profilaktik hisobdan chiqarilishiga erishildi. Misol tariqasida aytish mumkinki, Navoiy viloyatida 1 ming 584 nafar yoshlardan 1 ming 47 nafari (66 foizi) profilaktik hisobdan chiqarildi.
Mudofaa vazirligi tomonidan Toshkent, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida yoshlar bilan ishlashning yangi tizimi joriy etildi.
Mazkur tadbirlar 7 ta yo‘nalish – yoshlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish va kasb-hunarga yo‘naltirish, musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishini oshirish, jismoniy chiniqtirish, sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish, ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlikni keng targ‘ib etish, harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga jalb etish, yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha amalga oshirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,O‘zA