English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Professor Ismoil Aka — Tarix institutining faxriy professori
22:55 / 2025-11-03

Buyuk davlat arbobi, yengilmas sarkarda va insoniyat tarixida beqiyos o‘rin egallagan, dunyoni boshqargan, Temuriylar oltin davrining poydevorini qo‘ygan Amir Temur (1336–1405) shaxsiyatiga bo‘lgan qiziqish Sohibqiron yashagan zamonning o‘zidayoq boshlangan va hech qachon susaymagan.

Buyuk bobomiz haqida ko‘plab ilmiy, adabiy va badiiy asarlar yaratilgan. Ammo ular orasida xolis yondoshilgan ishlar bilan bir qatorda, bir yoqlamali, sub’ektiv tadqiqotlar ham mavjud. Barcha xorijlik olimlar ham Amir Temur shaxsiyatiga adolatli baho bergan, deyish qiyin. Shu ma’noda chin olim sifatida Sohibqironning insoniyat oldidagi tengsiz xizmatlarini to‘g‘ri anglagan va xolis baholagan professor Ismoil Aka xalqaro temurshunoslikning yirik va nufuzli namoyandalaridan biri sanaladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti ma’lumotlariga ko‘ra, u 1970-yillardan Turkiyada temuriylar tarixi bo‘yicha ilmiy maktab poydevorini qo‘ygan, 10 dan ortiq fan doktorlarini tayyorlagan olimdir.

Mustamlaka-sovet davrida Amir Temur shaxsiyati yolg‘on va bo‘htonlar bilan yoritilgan bir paytda, Ismoil Aka Sohibqiron haqida bir qator ilmiy asarlar yaratgan hamda ko‘plab shogirdlar yetishtirgan.

Uning “Temuriylar — O‘rta Osiyoning yorqin davri” (Timurlular Orta Asya'nın Parlak Devri), “Mirzo Shohrux” (Mirza Şahruh), “Turon sultoni Temur” (Turan Sultanı Timur) kabi asarlari Turkiya tarixshunosligida Amir Temur shaxsiyatiga nisbatan yangicha va xolis yondashuv shakllanishiga turtki bergan.

Shuningdek, Ismoil Aka tayyorlagan mutaxassislar AQSH, Germaniya va Eron kabi davlatlarda faoliyat yuritayotgan yetuk temurshunos olimlardir.

Ismoil Aka o‘z tadqiqotlarida Amir Temurni buyuk hukmdor, mohir sarkarda, uzoqni ko‘ra bilgan siyosatchi, xalq himoyachisi, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatida yoritgan. Uning ta’kidlashicha, Sohibqiron shaharlarni obod qilgan, me’morchilik inshootlarini barpo ettirgan, dehqonchilikni rivojlantirishga, savdo-sotiqni jonlantirishga va karvon yo‘llarining xavfsizligini ta’minlashga katta e’tibor qaratgan. Eng muhimi, u siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan o‘zbek davlatining qudratini yuksaltirgan.

Bir so‘z bilan aytganda, professor Ismoil Aka — Amir Temur va Temuriylar merosini ilmiy jihatdan qayta tiklashda ulkan xizmat ko‘rsatgan, kamtar va vatanparvar allomadir.

Yaqinda Tarix instituti ilmiy kengashining yig‘ilishida institutda “Faxriy professor” unvoni ta’sis etildi. Ushbu unvonning ilk egasi etib atoqli temurshunos olim, tarix fanlari doktori, professor Ismoil Aka tanlandi.

N. Usmonova, O‘zA