Mamlakatimizda ijtimoiy himoya sohasida yangilanishlar davom etmoqda. Ayniqsa, zo‘ravonlikqa uchragan va xavf ostidagi bolalarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ustuvor vazifaga aylandi. Shunday sharoitda 2026-yildan tatbiq etilayotgan “Professional tutingan oila” xizmatiga bolalarni vaqtinchalik va maqsadli tarzda oilaviy muhitda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan innovatsion tizim sifatida qaralmoqda.
Xo‘sh, aslida “Professional tutingan oila” xizmati nima va nima sababdan joriy etilmoqda?
Mazkur tizimning boshqa ijtimoiy xizmatlardan farqi nimada?
Eng muhimi, bolani o‘z oilasidan olib boshqa tutingan oilaga berishning qanday ijobiy tomonlari bor?

Shu kabi savollar bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqarma bosh mutaxassisi Dilnoza Husanovaga yuzlandik.
—Oila har bir inson uchun chinakam himoya qo‘rg‘oni hisoblanadi. Mustahkam va xotirjam muhit yaratilgan oilalarda kamol topgan yosh avlod kelajakda kuchli, bilimli va albatta sog‘lom bo‘lib voyaga yetadi. Afsuski, aksariyat bolalar turli sabablar tufayli o‘z oilasi bag‘rida ulg‘ayish baxtidan bebahra qolmoqda. Ularning xavfsizligini ta’minlash esa davlatning asosiy vazifalaridan biri.
“Professional tutingan oila” zo‘ravonlikka uchragan yoki xavf ostidagi bolalarni maqsadli tarzda oilaviy muhitda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, bolalarning ruhiy va ijtimoiy rivojlanishini ta’minlashda yangi imkoniyatlar ochadi.
Joriy yil 1-fevraldan O‘zbekistonda zo‘ravonlik xavfi ostidagi bolalarni himoya qilishda “Professional tutingan oila” xizmati ishga tushdi. Bu shunchaki yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uyga qabul qilish emas, balki zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki shunday xavf ostida bo‘lgan bolalar bilan ishlovchi, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan professionallashgan g‘amxo‘rlik shaklidir.
Tizim nomzodlarni tanlash va ularni maxsus tayyorlashdan boshlanadi. Ota-onaning yoshi 30–65 da bo‘lishi, jismonan sog‘lom va sudlanmagan bo‘lishi talab etiladi. Ular maxsus tayyorgarlik kurslaridan o‘tadi va stress, depressiya va qo‘rquv holatidagi bolalar bilan ishlash bo‘yicha kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Keyin oila va "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi o‘rtasida shartnoma tuziladi va markaz bolaning qonuniy vakili sifatida doimiy monitoring va metodik yordam ko‘rsatadi. Nomzodlar o‘z xonadonida uch nafargacha bolani qabul qilish uchun yetarli sharoitga ega bo‘lishi lozim.
Eng muhimi, bu oilalar oddiy vasiylardan farqli o‘laroq, maxsus tayyorlov kurslarida o‘qitiladi. Ushbu dastur xalqaro ekspertlar ko‘magida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda ota-onalarga stress, depressiya va qo‘rquv iskanjasidagi bolalar bilan qanday terapevtik muloqot qilish, ularning ruhiyatidagi salbiy kechinmalarni neytrallashtirish kabi kasbiy ko‘nikmalar o‘rgatiladi.
Professional tutingan ota-onalar uchun ishlab chiqilgan o‘quv dasturi boshqa shakllardan (masalan, farzandlikka oluvchilar uchun 72 soatlik kurslardan) sezilarli darajada farq qiladi. Bu dastur Rossiya, Gruziya, Angliya va Amerika tajribalari asosida shakllantirilgan.
Bu kabi oilalarda har tomonlama tajribaga ega professional ota-onalar bolani nafaqat tarbiyalaydi, balki terapevtik yondashuv orqali ruhiy jarayonlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Ular bolaga hayotiy va maishiy ko‘nikmalarni o‘rgatadi. Shuningdek, bolani ruhiy tushkunlikdan chiqarish va agressiv holatlarini yumshatish ham ularning asosiy vazifasi hisoblanadi.
—Bolaning psixologik holati bu tizimda qanday inobatga olinadi?
—Bolaning psixologik holati tizimning markaziy bo‘g‘ini hisoblanadi. 10 yoshdan oshgan bolaning fikri inobatga olinadi. U o‘z oilasiga qaytadimi yoki boshqa joylashtirish shakli tanlanadimi, bolaga quloq tutiladi. Agar bola o‘z biologik ota-onasi tomonidan ko‘rilgan zo‘ravonlik sababli ularning oldiga qaytishni istamasa, o‘zining kelajakdagi hayot andazasini tanlash huquqiga ega va uni majburlab qaytarish mumkin emas.
Manbalarda ta’kidlanishicha, yirik muassasalar (Mehribonlik uylarida) bolalar jamiyatdan ajralib qolgan va muqim hissiy bog‘lanish (ona mehri) yo‘qligi sababli stressdan chiqishi qiyin kechgan. Professional tutingan oiladagi tabiiy oilaviy muhit esa bolaga o‘zini xavfsiz va qadrli his qilish imkonini beradi.
—“Professional tutingan oila” xizmatining boshqa tizimlardan farqi nimada?
—Ma’lumki, ijtimoiy xizmat sohasida bir nechta parvarish shakllari yo‘lga qo‘yilgan. “Professional tutingan oila” xizmatida terapevtik va kasbiy yondashuv mavjud bo‘lib, bolani faqat tarbiyalash bilan cheklanmay, ruhiy jarayonlarini ham davolaydi. Xalqaro ekspertlar ko‘magida stress va agressiya holatlaridagi bolalar bilan ishlash ko‘nikmalari amaliyotda qo‘llaniladi, bola doimiy oila a’zosi sifatida mehr va ishonchni his qiladi, jamiyatga integratsiya qilinadi.
Mehribonlik uylarida tarbiyachilar almashib turgani sababli bolada kimgadir muqim bog‘lanish imkoniyati bo‘lmaydi. Professional oilada esa bola aniq bir insonning mehrini his qilib, unga ishonch bildirishni o‘rganadi.
Professional ota-onalarning faoliyati davlat tomonidan rag‘batlantiriladi. Bundan tashqari, bolaning yashashi, oziq-ovqati va kiyim-kechagi uchun davlat tomonidan har oy muttasil ravishda moddiy ta’minot ajratiladi. 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 5 baravari miqdorida 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun BHMning 7 baravari miqdorida mablag‘ beriladi.
Bir narsani aytib o‘tishim lozimki, “Professional tutingan oila“ — bu bolani doimiy asrab olish degani emas. Bu vaqtinchalik va maqsadli jarayon bo‘lib, bola oilada bo‘lgan davrda ijtimoiy xodimlar uning biologik ota-onasi bilan ham ish olib boradi. Agarda biologik ota-onaning salohiyati tiklansa, bola o‘z oilasiga qaytariladi. Agar bu xavfli deb topilsa, bola boshqa muqobil shakllarga (vasiylik, farzandlikka berish) yo‘naltiriladi.
Tizimda “Oilaviy mehribonlik uyi” degan tushuncha mavjud emas. Amaliyotda yo davlat tasarrufidagi “Mehribonlik uyi” (institutsional muassasa) yoki jismoniy shaxslar tomonidan o‘z xonadonida tashkil etilgan “Oilaviy bolalar uyi” mavjud.
O‘zbekistonda yirik hajmdagi davlat tarbiya muassasalariga (Mehribonlik uylari) bosqichma-bosqich barham berilmoqda. 2020-yillarda 20 ga yaqin mehribonlik uyi va 15 ta bolalar uyi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib respublika bo‘yicha atigi 2 ta mehribonlik uyi va 4 ta Bolalar uyi qoldi. Toshkent shahri misolida ko‘radigan bo‘lsak, o‘tgan 2025-yilning boshida poytaxtdagi 22- va 30-sonli Mehribonlik uylarida jami 250 nafarga yaqin bola bo‘lgan bo‘lsa, yil yakuniga kelib ularning soni 95 nafarga tushdi. Bu bolalar o‘z oilalariga qaytarilishi yoki oilaviy bolalar uylariga joylashtirilishi hisobiga amalga oshirilmoqda.
Davlat muassasalaridan voz kechish fonida jismoniy shaxslar tomonidan tashkil etilgan oilaviy bolalar uylari soni ortib bormoqda. 2025-yil boshida 225 ta oilaviy bolalar uyi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 310 taga yetdi. Bir yil ichida 85 ta yangi oilaviy bolalar uyi tashkil etilgani jamiyatda bolalarni oilaviy muhitda tarbiyalashga bo‘lgan qiziqish ortayotganini ko‘rsatadi. Bu ishlarni amalga oshirishda asosiy e’tibor bolalarni muassasa “devorlari” orasidan chiqarib, tabiiy oilaviy muhitga singdirishga qaratilgan.
Bugungi kundagi eng katta yangilik — bu oddiy oilaviy bolalar uylaridan professional tutingan oilalar tizimiga o‘tish. Oilaviy bolalar uylaridan farqli o‘laroq, professional oilalar zo‘ravonlikdan jabrlangan va ruhiy og‘ir holatdagi bolalar bilan ishlash uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tishmoqda. 2026-yilda har bir hududda kamida bittadan bunday professional oila yaratish maqsad qilingan.
Xulosa qilib aytganda, bugungi holat muassasalardan voz kechish va bolalarni maksimal darajada oilaviy, xususan professionallashgan oilaviy muhitga yo‘naltirish bilan xarakterlanadi. Bolalarning o‘zlari ham mehribonlik uylaridan ko‘ra oilaviy sharoitda yashashni afzal ko‘rmoqda, bu esa islohotlarning to‘g‘ri ekanini isbotlaydi.
Bir qarashda Ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning yangi shakli asosli ravishda maqsadli va samarali rejalashtirilganini ko‘rish mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva suhbatlashdi.
O‘zA