Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Professional ta’lim tizimining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash borasida qanday chora-tadbirlar amalga oshirildi?
15:34 / 2023-12-13

Bugungi kunda professional ta’lim tizimi rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida my.moqt.uz platformasi ishga tushirilgan bo‘lib, mazkur tizim orqali tinglovchilar 3 yillik kasbiy-pedagogik faoliyati natijalariga ko‘ra 100 balli mezon asosida baholanadi.

Ushbu qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonida malaka oshiruvchilar 20 balldan 85 ballgacha to‘plagan taqdirda, ular an’anaviy yoki masofaviy shaklda o‘qitiladi. 86 va undan yuqori ball to‘plagan tinglovchilar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn test sinovlarini topshiradi.  

Professional ta’limda qayta tayyorlash va malaka oshirishning muqobil shakllari asosida ham baholash yo‘lga qo‘yilgan. Bunda rahbar va pedagog xodimlarning yakka mualliflikda darslik yoki o‘quv qo‘llanmalari mavjudligi,  o‘zi yoki rahbarligidagi o‘quvchilar xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilgan ko‘rgazma, tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni olganligi,  xorijiy mamlakatlarda malaka oshirganligi, doktorlik (PhD, DSc) dissertatsiyasini himoya qilishi yoki ilmiy rahbarligida kamida bitta fan doktori yoki PhD olish uchun shogird chiqarganligi hamda  patentga ega bo‘lishi inobatga olinadi.    

Hozirda professional ta’lim tizimida 30 mingdan ortiq rahbar va pedagog xodim faoliyat yuritmoqda. Har yili ularning 10 ming nafari qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida tahsil olib keladi.    

Kelgusida  mamlakatimizda ish beruvchilarning ehtiyojlari asosida o‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining joriy yil 7 dekabrdagi tegishli qarori bilan professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni yil davomida tashkilotlarning buyurtmalari asosida dual ta’lim shaklida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda tashkilotlardan biriktirilgan ustozlarning pedagogik mahoratini ixtiyoriy ravishda oshirish uchun har yili dual ta’lim shakli bo‘yicha bepul qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.  

Shuningdek, professional ta’lim tizimi rahbar va pedagog xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash jarayoniga kredit-modul tizimi joriy etiladi.  Shu maqsadda 2024 yil 1 yanvardan boshlab, malaka oshirish kurslarining o‘quv reja va o‘quv dasturlari takomillashtirilib, tinglovchilarning muayyan modul bo‘yicha o‘zlashtirilgan o‘quv yuklamasi kreditlar asosida hisoblanadi. Bunda malaka oshirish shakllarini mustaqil tanlash imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi hamda har o‘quv kursi yakuni bo‘yicha ta’lim natijalari monitoring qilinadi.  

Mazkur ma’lumotlar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda  Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova tomonidan taqdim etildi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA