Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2023 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida professional ta’lim tizimini rivojlantirish orqali o‘quvchilarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga o‘rgatish, oliy ta’lim qamrovini kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, yosh tadqiqotchilarning ulushini oshirish, barcha yo‘nalishlarda innovatsion faoliyatni keng joriy etish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar belgilab berilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida oliy va professional ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasi bo‘yicha belgilangan vazifalar yuzasidan tashkil etilgan yig‘ilishda mazkur qarorning mazmun-mohiyati xususida so‘z bordi.

Qayd etilishicha, professional ta’lim muassasalarida malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagog kadrlar ulushi 2023 yilgi 25 foizdan 2024 yilda 30 foizga, professional ta’lim tizimida masofaviy yoki aralash shakllarda tashkil etiladigan malaka oshirish kurslari ulushi 10 foizdan 15 foizga, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 43 foizga, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarga davlat buyurtmasi qabul parametrlarini oshirish darajasi 20 foizga, tadqiqotchilarning umumiy sonida 39 yoshgacha bo‘lgan tadqiqotchining ulushi 50 foizga, innovatsion tadbirkorlik natijasida yaratilgan yangi ish o‘rinlari soni 50 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Yig‘ilashda ishtirokchilar tomonidan barcha tizim tashkilotlari hamda ta’lim muassasalarida ushbu qarordan ko‘zlangan maqsad, unda sohaga doir qo‘yilgan maqsadli ko‘rsatkichlar, uning ijrosini samarali ta’minlash borasida amalga oshiriladigan ishlar haqida keng tushuntirish ishlarini olib borish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA