Farg‘ona viloyatidagi professional ta’lim muassasalari bitiruvchilariga diplom topshirish marosimlari tantanali ravishda o‘tkazildi. Mazkur tadbirlarda viloyat va shahar-tuman hokimlari o‘rinbosarlari, mas’ul idoralar xodimlari, mahalla faollari, nuroniylar, mehnat faxriylari va bitiruvchilarning ota-onalari qatnashdi.
Shunday tadbirlardan biri Farg‘ona shahar kasb-hunar maktabida bo‘lib o‘tdi. Bayramona tus olgan tadbirda viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i To‘ychiboy Boymatov bitiruvchilarga oq yo‘l tilab, diplomlarni tantanali topshirdi. U kasb-hunar maktabini a’lo baholar bilan tamomlayotgan yoshlarga va ularning ota-onalariga minnatdorchilik bildirdi.
– Xalqimizning siz yoshlardan umidi katta, – deydi T.Boymatov. – O‘z tanlagan sohangiz bo‘yicha yetuk mutaxassis va yuksak salohiyatli, komil shaxs bo‘lib, yurtimiz rivojiga o‘z hissangizni qo‘shasiz, degan umiddamiz. Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, xalqimizning yanada farovon turmush kechirishi aynan sizga bog‘liq ekanini unutmang. Ishlab chiqarish korxonasida faoliyat yuritasizmi, oliy ta’lim dargohlariga o‘qishga kirib, bilimingizni oshirasizmi bu sizning tanlovingiz. Lekin qayerda bo‘lmang, nima ish bilan shug‘ullanmang, zimmangizdagi mas’uliyatni muvaffaqiyat bilan ado etishga harakat qiling, sizga bo‘lgan ishonchni oqlang.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlar haqida to‘xtalib, bitiruvchilarni diplom olish baxtiga erishganliklari bilan samimiy qutladi. Ularning turli oliy o‘quv yurtlarida o‘qishi, turli idoralarda ishlashi va mustaqil hayotda o‘z o‘rnini topishiga tilak bildirdi.
Bu yil Farg‘ona shahar kasb-hunar maktabini jami 607 nafar o‘quvchi yosh 10 ta yo‘nalish bo‘yicha tamomladi. Bunga qo‘shimcha 94 nafar o‘quvchiga “V” va “C” toifali haydovchilik guvohnomalari ham topshirildi
– Kasb-hunar maktabini liboslar bo‘yicha rassom-dizayner yo‘nalishini tamomlayapman, – deydi bitiruvchi Sarvinoz Qosimova. – Tanlagan soham bo‘yicha oliy ta’lim olish maqsadida Farg‘ona davlat universitetining tasviriy san’at yo‘nalishiga hujjat topshirganman. Barcha ustozlarimga chin yurakdan minnatdorchilik bildiraman. Ustozlar va ota-onamning, hukumatimiz va xalqimning ishonchini oqlashga, yurtimiz uchun kerakli inson bo‘lishga va’da beraman. Eng e’tiborlisi, boshqarma boshlig‘ining o‘zi kelib, bizga diplomlarni topshirayotgani bir umr yodimizdan chiqmaydi. Bu bizga qo‘shimcha kuch va g‘ayrat beradi.
Ma’lumot uchun, joriy o‘quv yilida viloyatdagi 76 ta professional ta’lim muassasalari – kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlarni 24 ming 79 nafar yosh bitirmoqda.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri