Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Professional ta’lim barqaror rivojlanishi kerak
18:39 / 2023-10-24

Toshkentda “Professional ta’limni barqaror rivojlantirishning mintaqaviy jihati va istiqbol” mavzusida II mintaqaviy ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish tarmoqlari uchun professional ta’lim” (PECA) va “O‘zbekiston kasb-hunar ta’limi tizimidagi modernizatsiya va islohot jarayonini qo‘llab-quvvatlash” (TexVET) tashkilotlari hamda Germaniya hukumati nomidan “Deutsche Gesellschaft für Internationale Zusammenarbeit GmbH”, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamkorligida tashkil etildi.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston Respublikalari, shuningdek Germaniya va Avstriya mutaxassislari o‘rtasida tajriba, bilim almashish maqsadida tashkil etilgan anjumanda 50 dan ziyod muallifning kasb-hunar ta’limi turli yo‘nalishlari – xorijiy va milliy tendensiya, o‘quv muassasalarining biznes hamjamiyati bilan hamkorligi, raqamlashtirish, sifatni ta’minlash, kadrlar malakasini oshirish, moliyalashtirish bo‘yicha maqolalari, ilmiy ishlari jamlangan elektron nashr to‘plami taqdim etildi.

[gallery-14196]

– Nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo mehnat bozorida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyoj ortmoqda, – dedi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi professional ta’limni rivojlantirish departamenti boshlig‘i vazifasini bajaruvchi O‘tkir Alijonov. – Shu bois kasbga tayyorlash va ish bilan ta’minlash masalasi ham dolzarblik kasb eta boshladi. Markaziy Osiyo davlatlarida ham bu borada qilishini kerak bo‘lgan ishlar talay.

Masalan, mamlakatimizda Germaniya tajribasi asosida joriy etilgan dual ta’lim tizimi ayni yo‘nalishni rivojlantirish uchun keng imkoniyat yaratadi. Ikki kun davom etadigan forumning ixtisoslashgan sessiyalari va erkin muloqot davomida dual ta’limni rivojlantirishga qaratilgan aniq yo‘nalishlar belgilab olinadi.

Germaniyada ish beruvchi kadr tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etadi. Dual ta’lim tizimida ham shu jihatga alohida e’tibor beriladi. Bu usul mehnat bozori va ta’lim integratsiyasi, deb ham ataladi. Hozir mamlakatimizda ham turli yirik ish beruvchi tuzilmalar bilan hamkorlik o‘rnatish masalasi ustida jiddiy ish olib borilyapti. Kadr tayyorlashda joylardagi ish o‘rni bilan bog‘liq vaziyat o‘rganilib, tahlil qilinyapti, yangi zavod, fabrikalar bilan oldindan kelishilyapti.

Yaqinda Farg‘ona viloyatida Germaniya bilan sherik korxona ishga tushiriladi. Ushbu ob’ektga qabul qilinadigan xodimlar dual ta’lim tizimi orqali tayyorlanyapti. Asosiy urg‘u mehnat bozoriga malakali mutaxassislar yetkazib berishga qaratilmoqda.

Tadbir davomida ishtirokchilarga “yashil iqtisodiyot”, kasb va ta’lim standartini ishlab chiqish, zamonaviy o‘qitish va ta’lim usuli, kasbga yo‘naltirish va ta’limni elektron boshqarish tizimi kabi dolzarb mavzularda mahorat darslari o‘tkaziladi. Toshkent davlat transport universiteti, poytaxtimizdagi Temir yo‘l texnikumi, shuningdek to‘qimachilik sohasida tahsil olayotgan o‘quvchilarni amaliy mashg‘ulotga qabul qilayotgan “Bakan tekstil” korxonasi faoliyati bilan tanishish, dual ta’lim tizimining mamlakatimizdagi samarasi xususida ma’lumot berish rejalashtirilgan.

Go‘zal Sattorova,

Murodxon Xo‘jayev (surat),

O‘zA