Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Professional sport ta’lim muassasalarining natijalari tahlil qilindi
15:44 / 2026-02-27

O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi hamkorligida Olimpiya va paralimpiya markazlari, maktab-internatlari hamda mahorat maktablari rahbarlarining mas’uliyatini oshirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan videokonferensiya shaklidagi yig‘ilishda 2025-yildagi natijalar sarhisob qilinib, joriy sport mavsumining rejalari ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar jarayonida 2025/2026 o‘quv yilida o‘tkazilgan professional sport ta’lim muassasalari qishki attestatsiyaning yakunlari, erishilgan yutuqlar qatorida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham mavjudligi aytildi.

Shuningdek, joriy yil o‘tadigan “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” va “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalariga tayyorgarlik jarayonlari, sport turlari geografiyasi, bellashuvlar o‘tadigan majmualarning holati, sport inventarlari, shaffoflikni ta’minlash, ishtirokchi sportchilarni ERP-Sport tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi kabi bir qator masalalar qamrab olindi.

Yig‘ilishda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarining 2025-yilgi musobaqalarda erishgan natijalari tanqidiy ko‘rib chiqildi.

O‘tgan yili mavjud 14 ta Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida tarbiyalanayotgan sportchi yoshlar O‘zbekiston chempionati va kuboklari hamda xalqaro sport musobaqalarida 561 ta medallar shodasini qo‘lga kiritgan. Jumladan, Osiyo chempionati va kuboklarida 21 ta, Jahon chempionati va kuboklarida 7 ta. Biroq ko‘plab markazlarda mahoratli sportchilar, tajribali murabbiylar yetarli bo‘lsa-da haligacha jahon chempionatlarida yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilmayotgani taassufli hol ekanligi qayd etildi.

Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari, Bahodir Jalolov, Oksana Chusovitina nomidagi ixtisoslashtirilgan sport maktablari, olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha maktab-internatlari hamda sport turlari bo‘yicha mahorat maktablari mutaxassislari qatnashgan yig‘ilish yakunida har bir masala bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklandi. Ko‘rsatkichlarni monitoring qilib borish, xalqaro tajribadan samarali foydalanish, murabbiylar malakasini doimiy oshirib borish lozimligi ta’kidlandi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA