Xabar berganimizdek, kecha tunda Rossiyaning Krasnogorsk shahrida professional boks kechasining markaziy jangi ikkinchi o‘rta vazn toifasida sobiq WBC Silver kamari sohibi hamyurtimiz Azizbek Abdug‘ofurov va rossiyalik sobiq jahon chempioni Fyodor Chudinov o‘rtasida o‘tkazildi.
Belgilanganidek, 10 raundga mo‘ljallangan jang to‘liq davom etdi. Hakamlar qarori bilan hamyurtimiz Chudinovni 97-92, 98-91, 97-92 hisobida mag‘lub etdi va professional boksdagi 14 g‘alabasini tantana qildi.
Mazkur boks kechasida muxlislar yana bir qiziqarli jangga guvoh bo‘lishdi. 2019 yili Yekaterinburgda havaskor bokschilar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida iste’dodli bokschimiz Bahodir Jalolovga mag‘lub bo‘lgan holda bronza medalini qo‘lga kiritgan Maksim Babanin professional boksdagi 4 g‘alabasiga erishdi.
U hamyurti Yevgeniya Orlovni 6 raundga mo‘ljallangan jangning 3 raundida texnik nokautga uchratdi.
Abdug‘afurov—Chudenov jangini bevosita kuzatib borgan sobiq jahon chempioni Konstantin Szyu “Og‘ir jangdagi munosib g‘alaba”, deya e’tirof etdi.
Turnir promouteri Vladimir Xryunov Abdug‘afurov — Chudenov jangining qiziqarli o‘tganini ta’kidlab, ular o‘rtasida revansh tashkil etish istagi borligini bildirdi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA