O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida “O‘zbekkino” Milliy agentligi ijodkorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Qo‘mita prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Agentlik bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, rossiyalik taniqli kinorejissyor va aktyor Janik Fayziyev, prodyuser Oybek Fayziyev ishtirok etgan uchrashuvda o‘zbek sportining rivoji, xalqaro olimpiya o‘yinlari hamda jahon chempionatlarining mutloq chempionlari haqida badiiy film yaratish masalasi muhokama qilindi.
Tadbirda kinorejissyor va aktyor J.Fayziyev 2016 yili Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan o‘zbek bokschilari haqida “Yengilmas” (rejissyor Akrom Isakov) filmini suratga olishi haqida ma’lum qildi.

R.Shoabdurahmonov o‘zbek sportini jahonga tanitgan, ko‘plab musobaqalarda g‘olib bo‘lgan faxriy sportchi Rufat Risqiyev haqida alohida to‘xtalib, sportchi haqida film yaratish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
F.Abduxoliqov “Yengilmas” filmining suratga olish ishlari O‘zbekistonda bo‘lishi, unga professional aktyorlar jamoasi tanlanishi, rossiyalik mahoratli ssenarist va dizaynerlar ko‘magidan foydalanish haqida taklif berdi. Uchrashuvda “Yengilmas” kinoloyihasini 2021 yilda tayyorlashga kelishildi.
O‘zA