Ukraina poytaxti Kiyevda professional bokschilarning dunyodagi eng kuchli tashkilotlaridan biri bo‘lgan Butunjahon bokschilar uyushmasi (WBC)ning vakolatxonasi ochildi.
Uning tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan WBC prezidenti Maurisio Suleyman Ukraina professional boks rivojlangan davlatlardan biri hisoblanishini ta’kidlab, kelajakda bu yerda bir qator chempionlik janglari o‘tkazilishini aytib o‘tdi. WBC bo‘linmasining aynan Kiyevda tashkil etilishini mintaqaga yaqin mamlakat bokschilari uchun chempionlik sari qulayliklar yaratish ekanligi bilan izohladi.
Bundan ko‘rinadiki, endi Ukrainaga yaqin mamlakatlar bokschilarigina emas, O‘zbekiston, Qozog‘iston davlatlarining professional bokschilariga ham o‘z salohiyatini ko‘rsatish geografiyasi kengaymoqda. Rio olimpiadasi g‘olibi Xasanboy Do‘smatovning aynan Ukraina boks ringlarida bir muddat jang olib borganligini eslasak, demak, professional bokschilarimizning harakat maydoni kengaymoqda.
To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA