Ertaga hamyurtimiz Isroil Madrimov AQSHning Las-Vegas shahridagi “Fontainebleau” majmuasida tashkil etiladigan professional boks oqshomida Dominikan Respublikasi vakili Luis Devid Salazarga qarshi bahs olib boradi.
Bugun, 24 yanvar kuni mazkur jang oldidan vazn o‘lchash, ko‘z urishtirish va matbuot anjumani marosimlari bo‘lib o‘tdi.
Vazn o‘lchash marosimida super yarim o‘rta vazn toifasida sobiq jahon chempioni Madrimov - 156,4 funt (70,9 kg) tosh bosgan bo‘lsa, raqibi Salazar - 157,8 funt (71,5 kg) ko‘rsatkichni qayd etdi. Ko‘rinib turibdiki, dominikanlik bokschi Isroildan 0,6 kg ortiqcha og‘irlikka ega.
Professional boksda har bir kichik tafovut va jihat muvaffaqiyatning kaliti hisoblanishini yoddan chiqarmagan holda Isroilning g‘alabasiga umid bog‘lab qolamiz.
- Raqibimga hurmatni saqlagan holda jangni qabul qilgani uchun minnatdorlik bildiraman. Yaxshi jang o‘tkazamiz, degan umiddaman. Bu yilgi rejalarim juda katta. Hozir bor e’tiborimni ushbu jangimga qaratganman. Keyin nima bo‘lishini esa ko‘ramiz. Men katta nomlar bilan jang qilishni va kamarlarni qo‘lga kiritishni xohlayman,-deya ta’kidlagan jurnalistlar bilan muloqotda Madrimov.
Eslatib o‘tamiz, Madrimov professional boksdagi faoliyatida 13 ta jang o‘tkazib, 10 ta g‘alaba, 1 ta durang va 2 ta mag‘lubiyat qayd etgan, raqibi Luis Devid Salazar hisobida esa 20 ta g‘alaba, 1 ta mag‘lubiyat bor.
Las-Vegasdagi professional boks oqshomining markaziy jangi IBF yo‘nalishining yengil vaznidagi chempionlik jangi amerikalik Reymonda Muratali va kubalik Endi Krus o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA