Bugun bu haqda Qozog‘istonning Sports.kz. nashri xabar tarqatdi.
Xabarda aytilishicha, joriy yilning 25 mart kuni Olmaota shahrida professional boks bo‘yicha MTK Fight Night turniri tashkil etiladi.
Unda bir qator janglar o‘tkazilib, jumladan, birinchi yarim o‘rta vazn toifasida qozog‘istonlik Nurdos Tolebay hamyurtimiz, namanganlik iqtidorli bokschi Burgut Xojiboyev bilan WBOning yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionligi kamari uchun bahslashadi.
Shuningdek, ushbu boks kechasida iste’dodli boksimiz Bahodir Jalolovdan Tokio olimpiadasida mag‘lub bo‘lgan Qozog‘iston terma jamoasining sobiq sardori Kamshibek Kunkabayev professional boksdagi navbatdagi jangini o‘tkazadi.
Kunakbayev ushbu jangda aslida Janubiy Afrika vakili Jonn Myullerdan o‘ziga tegishli WBA Gold kamarini himoya qilishi lozim edi. Ammo afrikalik bokschi jarohat olganligi sababli boks kechasida ishtirok etmaydigan bo‘ldi.
Bu esa Konkabayevga tezkorlik bilan boshqa raqib topish lozimligini anglatdi. Qozog‘iston va O‘zbekiston professional boks mutaxassislarining kelishuviga ko‘ra, mazkur boks turnirida Kunkabayevga qarshi o‘zbekistonlik Farrux Jo‘rayev jang qiladigan bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, professional boksda 6 ta jang o‘tkazgan F.Jo‘rayev o‘tgan yilning noyabr oyida qozog‘istonlik Bekzod Nurdauletovga qarshi ringga ko‘tarilib, ochkolar evaziga imkonitni boy bergandi.
Endi Farrux Jo‘rayev Kamishbek Kunkabayevga tegishli WBA Gold kamariga da’vogarlik qiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA