Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Mamlakatimizda probatsiya nazoratida bo‘lgan shaxslarda qonunga rioya qilish madaniyati, ijtimoiy axloqqa hurmat ruhini shakllantirish yo‘nalishida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda, — dedi deputat Saydullo Azimov. — Shu bilan birga, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar sud tomonidan yuklatilgan majburiyatlarni qay tartibda bajarishi ustidan nazorat qilish mexanizmlari aniq belgilanmagani amalda qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu esa ushbu sohadagi munosabatlarni qonunchilik yo‘li bilan tartibga solishni talab etmoqda.

Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya kodekslari hamda “Probatsiya to‘g‘risida”gi Qonuniga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan probatsiya nazoratini amalga oshirishning aniq huquqiy tartiblari belgilab qo‘yilmoqda. Xususan, sud tomonidan yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagan shaxslarga nisbatan shartli ozod qilishni bekor qilish va ularni jazoni o‘tash uchun yuborish yoki qo‘shimcha majburiyatlar yuklash tartiblari belgilanmoqda. Shu bilan birga, o‘z zimmasidagi majburiyatlarni mas’uliyat bilan bajarib kelayotgan shaxslarga nisbatan ushbu majburiyatlarni qisman yoki to‘liq bekor qilish bo‘yicha sudga taqdimnoma kiritish imkoniyati ham nazarda tutilmoqda, — dedi deputat.
Majlisda ayrim normalar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Deputatlarning taklifiga ko‘ra, qonun loyihasini yanada takomillashtirish maqsadida mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA