IIV tizimidagi probatsiya xizmati huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularga barham berish, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablarini va ularga imkon beradigan shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
2021 yilda probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslar tomonidan 1 ming 86 jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 845 tani, 2023 yilning 9 oyida esa 353 tani tashkil qilgan.
Sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish, ozodlikni cheklash, muayyan huquqdan mahrum qilish va majburiy jamoat ishlari jazolarini ijro etish, shuningdek, shartli hukm qilingan va jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat qilishni tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi huquqiy bo‘shliq va ayrim hollarda ziddiyatlarga olib kelmoqda.
Bu fikrlar Senatning qirq oltinchi yalpi majlisida “Probatsiya to‘g‘risida"gi qonun muhokamasi jarayonida bildirildi.
– Qonun bilan probatsiyani amalga oshirish sohasidagi munosabatlar tartibga solinmoqda, – dedi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov. – Jumladan, probatsiya tizimining asosiy tushunchalari, probatsiya nazoratidagi shaxslarning huquqiy holati, probatsiya nazorati va ijtimoiy moslashtirish shakllarini qo‘llash tartibi, probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvorini baholash mezonlari, ularga nisbatan elektron kuzatuv vositasini qo‘llash masalalari o‘rin olgan. Probatsiyani amalga oshirish sohasida Hukumat, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining vakolatlari aniq belgilanmoqda.
[gallery-14256]
Probatsiya nazoratini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi sub’ektlar jumlasiga mehnat, sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari, ta’lim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va ta’lim tashkilotlari, Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari kiritilmoqda.
Probatsiya nazoratidagi shaxslarga ijtimoiy, huquqiy, tibbiy, psixologik yordam ko‘rsatish, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi va ishga joylashishiga ko‘maklashish vositasida jamiyatning to‘la huquqli a’zosiga aylanishiga qaratilgan faoliyat tartibga solinmoqda.
Probatsiya nazoratidagi shaxslarga ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatish, jumladan, probatsiya bo‘linmalarining vakolatlariga kirmaydigan ijtimoiy va huquqiy masalalar bo‘yicha probatsiya nazoratidagi shaxslarga tuman (shahar) probatsiya bo‘linmalarining yo‘llanmasi asosida davlat organlari tomonidan ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat qilish uchun elektron kuzatuv (elektron braslet) vositasini taqish va yechish hamda foydalanish tartibi belgilanmoqda.
Jumladan, elektron kuzatuv vositasi (elektron braslet) o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga, homilador ayollarga, uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga, tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra elektron kuzatuv vositasini (elektron brasletni) taqish tavsiya etilmaydigan boshqa shaxslarga qo‘llanilishi mumkin emas.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA