Surxondaryo viloyati IIB Denov tumani ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya bo‘linmasida hisobda turuvchi xotin-qizlar bilan tarbiyaviy – profilaktik uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Denov tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik Sh. Narmurodov va boshqalar probatsiya hisobida turgan xotin-qizlar bilan suhbat o‘tkazib, ularning muammolarini o‘rgandi, murojaatlarini tingladi.
Tumanda probatsiya hisobida turgan xotin-qizlarning xulq-atvorini ijobiy tomonga o‘zgartirish, ularni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda tuman IIB jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya bo‘linmasida 60 dan ortiq xotin-qiz axloq tuzatish, muayyan huquqdan mahrum etish va ozodlikni cheklash jazolarini o‘tamoqda.

Ularni kasb-hunarga o‘qitish, ish bilan ta’minlash, “Ayollar daftari”ga kiritish orqali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda. Mahkumalarning psixologik holatini o‘rganish uchun psixologik portreti tuzilib, salbiy, neytral va ijobiy mezonlar asosida baholanmoqda. Viloyat IIB axborot xizmatining qayd etishicha, ularning psixologik holatini o‘rganish xotin-qizlarni jinoyat olami ta’siridan chiqarish, ularda insoniylik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik va halol hayotga bo‘lgan munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda mahkumalarning barcha murojaatlari tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, yechimini topish yo‘llari belgilandi. Kelgusida qayta jinoyat sodir etmaslik masalalari ham atroflicha muhokama etilib, xotin-qizlarning hayotida ijobiy burilish yasash, qonuniy va mazmunli hayotga yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri