Pedagogikada ko‘rgazma metodi o‘quvchi ongiga ta’sir o‘tkazuvchi yondashuv sifatida alohida qayd etilgan. Ayniqsa, u tarix manzaralari bo‘lsa, natija ijobiy samara bermay qolmaydi.
Shuni yaxshi anglagan holda, Olmazor tumani ichki ishlar organi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘linmasi tomonidan profilaktik hisobda turuvchi hamda Probatsiya bo‘limi ro‘yxatida turuvchi yoshlarni tarixiy qadriyatlar, an’analarimizga sodiqlik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, o‘tmish ajdodlarimiz jasorati, mardligi, qahramonligi bilan tanishtirish qatorida madaniy hordiq chiqarishlarini ta’minlash maqsadida “G‘alaba” bog‘iga tashrif uyushtirildi.
Yoshlar bog‘ hududida joylashgan “Shon-sharaf” davlat muzeyi, “Mangu jasorat” va “Matonat madhiyasi” monumentlari, tarixiy-badiiy ekspozitsiyalarni katta qiziqish bilan tomosha qildi.
Urushning dahshatli qiyofasi, harbiy texnikalar maydonchalari, front orti hududi, motam va anduh, g‘alaba, shodu xurramlik va shukronalik hududlari qatorida “Ko‘z yoshi” majmuasida joylashgan ma’lumotlar bilan yaqindan tanishdi.
Ayniqsa, “Urush davri maktublari” burchagidan joy olgan maktublardagi sog‘inch va ayriliq xabarnomalari ularni ta’sirlantirdi.
Shular qatorida bog‘ning milliy uslubda bezatilishi, mavzular bo‘yicha ma’lumotlar olish uchun o‘rnatilgan elektron jihozlar, dam olish joylari, kutubxona, sahna maydonlari yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Bu kabi ezgulik va xayrli tadbirlar yoshlar tarbiyasida muhim o‘rin tutishi bilan ahamiyatlidir.
Sherbek Islomov, O‘zA