Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Probatsiya bo‘linmalari nazoratidagi xotin-qizlar ish bilan ta’minlanmoqda
17:02 / 2025-11-04

Yangiyer shahrida “Xavfsiz oila” profilaktik tadbiri doirasida xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni ijtimoiy hayotga faol jalb etish va bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbir “2025-yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosi doirasida tashkil etildi. Unda Yangiyer shahar hokimligi, shahar ichki ishlar bo‘limi, jamoat xavfsizligi xizmati, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor hamda Bandlikka ko‘maklashish markazi vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida Yangiyer shahar IIB  probatsiya bo‘limi ro‘yxatida turuvchi xotin-qizlar bilan suhbatlar o‘tkazilib, ularning ijtimoiy ahvoli va bandlik holati o‘rganildi. Shuningdek, mehnat bozoridagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berildi va ayollarni ishga joylashtirish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi.

Natijada 14 nafar xotin-qizdan 5 nafari yangi ish joylariga yo‘llanmalar oldi. Qolgan ishtirokchilarga esa ish joyini tanlash va kasbga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha vaqt berildi.

–  Bunday tadbirlar har bir ayolning hayotda yangi sahifa ochishi, jamiyatdagi o‘rnini topishiga xizmat qiladi. Ularga ish joyi topishda yordam berish orqali nafaqat bandlik ta’minlanadi, balki oilada tinchlik va barqarorlik mustahkamlanadi, –  deydi  Yangiyer shahar IIB JXX XPB XKMB katta inspektori podpolkovnik Yulduz Qodirova.

Ta’kidlanishicha, “Xavfsiz oila” profilaktik tadbiri doirasida bunday suhbat va amaliy yordamlar muntazam o‘tkazilib, xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish, kasb-hunarga yo‘naltirish hamda ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom ettiriladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri