English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Primorsk o‘lkasida yurtdoshlarimiz huquqlari himoya qilindi
05:56 / 2021-08-11

O‘zbekiston Respublikasining Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari tomonidan Primorsk o‘lkasi Nadejdenskiy tumanida qurilayotgan turar-joylar qurilishida ishlash uchun Surxondaryodan kelgan 30 nafarga yaqin fuqarolarimizning murojaatidan so‘ng, mazkur qurilish ob’ektida mehnat migrantlari va ish beruvchi ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu qurilish ob’ektiga yurtdoshlarimiz ishlash uchun tanishlari orqali kelgan. Ishni boshlagandan so‘ng, ularning pasportlari ish beruvchi tomonidan patent rasmiylashtirish uchun olingan va o‘z vaqtida qaytarib berilmagan. 8 nafar fuqaro boshqa ishga o‘tishini bildirganda ish beruvchi ularning ishdan ketishiga qarshilik ko‘rsatgan.

Uchrashuvda ish beruvchi va mehnat migrantlari ishtirokida ushbu masalalar muhokama qilinib, fuqarolarning hujjatlari qaytarib berildi. Ishdan ketmoqchi bo‘lganlarga ruxsat berish bo‘yicha kelishib olindi.

Shuningdek, xorijda ishlayotgan mehnat migrantlarini ijtimoiy-huquqiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash, xavfsiz mehnat migratsiyasini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Joriy yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida faol ishtirok etishga chaqirildi.

Ish beruvchiga O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilish uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda xususiy bandlik agentliklari bilan hamkorlik o‘rnatishi tavsiya etildi.