Malayziya oliy ta’lim sohasini mamlakat barqaror rivojlanishining strategik drayveri sifatida ko‘radi va uni milliy islohotlarning markaziy yo‘nalishlaridan biriga aylantirgan. Hozirgi kunda mamlakatda “University 5.0” konsepsiyasi asosida oliy ta’lim muassasalarini modernizatsiya qilish, ta’lim, tadqiqot va innovatsiya jarayonlarini jamiyat ehtiyojlariga mos holga keltirish orqali yangi institutsional modelni yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Konsepsiyaning asosiy maqsadlaridan biri — jamiyatning dolzarb muammolariga ilmiy yechimlar taklif eta oladigan, ijtimoiy mas’uliyatga ega va jamiyat manfaatlariga xizmat qiladigan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashdir.
Joriy yil 4 noyabr kuni ASEAN tashkilotining oliy ta’lim bo‘yicha nufuzli forumi — “Higher Education Leadership Forum”ning Malayziyada o‘tkazilishi ham bejiz emas. Tadbirda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, siyosatchilari va ekspertlari ishtirok etdi. Kuni kecha esa Malayziya Oliy ta’lim rahbarlarini tayyorlash akademiyasi (AKEPT)da dunyoning 21 mamlakatidan ta’lim, fan va tadqiqot sohasidagi 50 dan ziyod istiqbolli kadrlar uchun “Global akademik liderlikni rivojlantirish dasturi — GALEP 2.0” malaka oshirish o‘quvlari o‘tkazildi. Unda O‘zbekistondan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Sh. Islamov ishtirok etdi.
Malaka oshirish dasturining asosiy maqsadi — zamonaviy dunyoda ta’lim va ilm-fan muassasalari oldida turgan yangi muammolarni hal qilishga qodir rahbar kadrlarni tayyorlash, ularda strategik va tizimli fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, ta’lim va ilmiy tadqiqot sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribalarni ommalashtirishdan iborat.

O‘quvlarda Malayziyaning Heriot-Watt, Sunway, IMU kabi universitetlar asoschilari va rektorlari, shuningdek, dunyo miqyosida tan olingan oliy ta’lim mutaxassislari ma’ruza qildi. Jumladan, Malayziya oliy ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim rahbarlarini tayyorlash akademiyasi rektori professor Xarshita Ayni Harun va xalqaro ekspert Shukran Abdul Rahmon universitetlarni strategik rejalashtirish, institutsional salohiyatni oshirish va boshqaruv samaradorligini yuksaltirish masalalarini muhokama qildi. “Sunway Education Group” rahbari professor Dato Elizabet Li esa yangi davr universitetining zamonaviy konsepsiyasi va uning ijtimoiy majburiyatlari haqida ma’ruza qildi.
GALEP 2.0 dasturining asosiy moduli sifatida innovatsiya va universitet barqarorligini ta’minlashga bag‘ishlangan amaliy mashg‘ulotlarda texnologik transformatsiya va raqamli boshqaruv masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Buyuk Britaniyaning Heriot-Watt universiteti rektori professor Mushtaq Al-Atabiy tomonidan liderlik psixologiyasi mavzusidagi ma’ruza o‘qildi. Ushbu xalqaro tadbir Malayziyaning oliy ta’lim sohasida strategik tashabbuskorlikni rivojlantirish va global akademik hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan eng nufuzli platformalardan biri sifatida e’tirof etildi.
Oliy ta’lim rahbarlarini tayyorlash akademiyasi rektori professor Xarshita Ayni Harun O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Xususan, O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasida ilgari surgan “Professional ta’lim bo‘yicha jahon sammiti” tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va uni yuqori saviyada o‘tkazishda hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Malayziyalik xalqaro ekspert, professor Shukran Abdul Rahmon esa Yangi O‘zbekistonda ta’lim va ilmiy tadqiqot sohalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni mamlakat barqaror rivojlanishi uchun muhim omil sifatida baholadi. U O‘zbekiston olimlari va tadqiqotchilari uchun sohadagi zamonaviy tendensiyalar, innovatsion ilmiy metodlar va xalqaro standartlar bo‘yicha malaka oshirish o‘quvlarini o‘tkazish taklifini ham ilgari surdi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar mamlakatning innovatsion rivojlanish sari jadal ilgarilashiga xizmat qilmoqda. Inson kapitali, ilmiy salohiyat va universitetlarning tadqiqot imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan islohotlar O‘zbekistonning 2030 yilga qadar Global innovatsiyalar indeksida dunyoning yetakchi 50 ta davlati qatoriga kirish maqsadini amalga oshirishda muhim omillardan biridir. Shu kabi xalqaro hamkorlik platformalari va malaka oshirish dasturlari esa yuqori malakali kadrlar tayyorlash, zamonaviy bilim va texnologiyalarni joriy etishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Hamroz Bayanov, O‘zA