Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentning minnatdorchilik xati tadbirkorlarga yuksak ishonch berdi
17:43 / 2021-08-23

Mamlakatimizning eng ilg‘or yuzta tadbirkoriga Prezidentimiz nomidan minnatdorchilik xati topshirilganligi tadbirkorlarga katta kuch-quvvat bag‘ishladi. Ular orasida Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi “Nurli tong silk” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Maqsudjon Qosimov ham bor.

– Davlatimiz rahbarining e’tirofiga sazovor bo‘lganim o‘zgacha g‘urur-iftixor baxsh etdi, – deydi Maqsudjon Qosimov. – Ayniqsa, tadbirkorlar bilan uchrashib, ochiq muloqot qilgani barchamizni ruhlantirib yubordi. Birgina joriy yilning o‘zida yillik 2 million AQSH dollarlik eksport rejasini 105 foizga bajardik. Yil yakuniga qadar yana o‘rtacha 450-500 ming dollar hajmida eksport qilishni maqsad qilganmiz. Ezgu tashabbuslar diorasida keyingi yillarda pillachilik tarmog‘i rivojiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda “Nurli tong silk” pillachilik klasteri qoshida tashkil etilgan korxonamizda yuzta ish o‘rni yaratilgan. Bundan tashqari, 20 nafar atlas va adras to‘quvchi mohir hunarmand kasanachi sifatida ishga jalb etilgan.

Mutaxassislarning e’tirof etishicha, oddiy ipakdan to‘qiladigan mahsulot tayyor holga kelguncha 32 xil ish jarayonidan o‘tib, buning uchun hunarmandlar mehri, qalb qo‘rini baxsh etishi zarur. Ayni jarayonda uzunligi 200 metr, eni 40 santimetr bo‘lgan atlasni tayyor holga keltirish uchun 4 ming dona ipak tolasi bir-biri bilan uyg‘unlashtirilishi mashaqqatli mehnat. Ish jarayonida bitta tola uzilsa ham mahsulot sifatiga putur yetishi aniq. Shuning uchun ham bu shunchaki mehnat emas, balki qo‘li gul hunarmand yaratayotgan mo‘’jizadir. Pillachilik tarmog‘ida uni qayta ishlash korxonalarining o‘rni beqiyos. “Nurli tong silk” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bu borada katta tajriba to‘plangan.  

Jamiyat qoshidagi klaster tomonidan O‘zbekiston, Furqat, Qo‘shtepa, Rishton tumanlari va Quvasoy shahrida yetishtirilgan pilla hosili o‘zaro shartnoma asosida qabul qilib olinmoqda. Bu yil ham beshta hududda 561 tonna sifatli pilla yetishtirildi. Pilla xomashyosi qayta ishlanib, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Vetnam singari davlatlarga eksport qilinyapti.  

Yaqinda mamlakatimizda ilk marotaba Xitoyga ulkan hajmda Marg‘ilon ipagini eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shu tariqa Chin mamlakatiga 4 xil mato – shoyi, satin, atlas, adras yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yildi.

 

M.Sulaymonov, O‘zA