O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov jurnalistlar uchun brifing o‘tkazdi.
Tadbir avvalida Sherzod Asadov davlatimiz rahbarining o‘tgan haftadagi faoliyati haqida axborot berdi. Jumladan, 2 avgust kuni muhim ahamiyatga ega tadbir – yangi formatdagi “O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya” vazirlar muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz shu kuni mazkur tadbirda qatnashish uchun kelgan Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mevlyut Chavushoglu boshchiligidagi delegatsiyani hamda Ozarbayjon Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Prezidentimiz shu kuni, shuningdek, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari Qayrat Abdurahmonov bilan ham uchrashdi.
Ma’lumki, 20 avgust mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” etib belgilangan. Shu munosabat bilan ishbilarmonlar bilan uchrashib, fikrlashish, ularning takliflarini olish an’anaga aylanmoqda. Ayni kunlarda bu yilgi ochiq muloqotni yanada samarali, tadbirkorlar uchun manfaatli o‘tkazish maqsadida tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.
Shu ma’noda 3 avgust kuni Prezidentimiz tadbirkorlardan tushayotgan murojaatlarning dastlabki tahlili bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
[gallery-8201]
Shuningdek, 3 avgust kuni tergovchilar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha taqdimot ham o‘tkazildi. Davlatimiz rahbari taqdimot bilan tanishib, surishtiruv va tergov idoralari uchun professional kadrlar tayyorlash, bu boradagi ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganib, hayotga tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
4 avgust kuni o‘tgan haftaning eng asosiy voqealaridan biri – davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilish bo‘ldi. Bu tadbirda e’lon qilingan juda ko‘p yangiliklar keng jamoatchilik tomonidan juda iliq kutib olindi.
Hafta yakunida mamlakatimiz temir yo‘l transporti xodimlari kasb bayramlarini nishonladi. Shu munosabat bilan Prezidentimiz soha xodimlariga tabrik yo‘lladi.
Brifingda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirokida joriy haftada kutilayotgan muhim tadbirlar haqida jurnalistlarga ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, haftada Prezidentimiz ishtiroklarida qator tadbirlar rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari ish jadvalida mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy rivojiga bag‘ishlangan yig‘ilishlar, xususan, metallurgiya sanoati, Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti va umuman keng jamoatchilik e’tiborida bo‘lgan masalalarga oid tadbirlar o‘rin olgan.
O‘zA