Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentning joriy haftadagi ish jadvali haqida ma’lum qilindi
14:33 / 2022-07-25

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov jurnalistlar uchun brifing o‘tkazdi.

Tadbir avvalida Sherzod Asadov davlatimiz rahbarining o‘tgan haftadagi faoliyati haqida qisqacha axborot berdi.

Jumladan, joriy yilning 18 iyul kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aholiga bo‘lib berilgan ekin yerlari va tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda xalqimiz uchun muhim ahamiyatga ega uchta yo‘nalishni belgilab berdi.

Birinchisi – oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish masalasi. Ma’lumki, hozir dunyoda bo‘layotgan voqealar sababli tovarlar yetkazib berish cheklanmoqda.

Davlatimiz rahbari bu sharoitda eng to‘g‘ri yo‘l – ichki imkoniyatlardan to‘la foydalanish ekanini ko‘rsatib bergandi. Shuning uchun 80 ming gektar g‘alla va paxta maydonlari qisqartirilib, aholiga ekin ekish uchun berilgan edi.

Yig‘ilishda Prezidentimiz yil yakunigacha 20 ming gektar, kelgusi yilda yana 100 ming gektar yerni aholiga tarqatish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu xalqimiz rizq-ro‘zi uchun qancha mahsulot, qancha ish o‘rniga zamin bo‘ladi.

Ushbu selektorda ko‘tarilgan yana bir masala kadastr sohasiga oid bo‘ldi. Davlatimiz rahbari kadastr hujjati yo‘q xonadonlar bo‘yicha kuyunib gapirdi. Chunki ular tomorqa uchun kredit, subsidiya va ipotekadan foydalanolmayapti. Qolaversa, kadastri bo‘lmagani uchun yer solig‘i 3 karra miqdorda hisoblanmoqda.

[gallery-8032]

Shu bois Prezidentimiz bu masala bo‘yicha alohida qonun loyihasi ishlab chiqish, ungacha uch karra soliq qo‘llashni to‘xtatib turishga ko‘rsatma berdi.

Yurtimizda kadastr hujjati yo‘q xonadonlar 2 million 600 mingta ekanini inobatga olsak, bu imkoniyat millionlab odamlarimizning uyiga xursandchilik olib keladi.

Yig‘ilishdagi uchinchi masala bu – ipoteka. Ma’lumki, yurtimizda hamma joyda yangi uylar qurilmoqda. Lekin ipoteka kreditlarining cheklangan hajmi va subsidiya ajratishda byurokratiya bo‘yicha ko‘plab e’tirozlar bildirilmoqda.

Shuning uchun, davlatimiz rahbari 1 sentyabrdan boshlab:

- aholi daromadining kreditga yo‘naltiradigan qismini soliqdan ozod qilish chegarasini oshirish;

- ipoteka kreditini ajratishda aholi daromadlari bo‘yicha tijorat banklariga qo‘yiladigan talablarni yengillashtirish;

- subsidiya ajratishda byurokratiyani keskin qisqartirish bo‘yicha topshiriqlar berdilar.

O‘tgan haftadagi yana bir quvonchli voqea – 21 iyul kuni davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holatning amal qilishini muddatidan avval tugatish to‘g‘risida farmon qabul qildilar.

Ta’kidlab o‘tish lozim, o‘tgan hafta mamlakatimiz uchun xalqaro tadbirlar, mintaqaviy darajadagi uchrashuvlar va qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona muloqotlarga juda boy bo‘ldi.

Prezidentimiz 20-21 iyul kunlari Qirg‘iz Respublikasining Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi.

Qirg‘izistonda o‘tgan sammitda Maslahat uchrashuvi yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yo‘lidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Davlat rahbarlari Cho‘lponota Maslahat uchrashuvining qo‘shma bayonoti, “Markaziy Osiyo uchun “Yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturi 2022-2024 yillarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘p tomonlama formatlar doirasidagi hamkorligi konsepsiyasini qabul qildilar.

Prezidentimiz sammitdagi nutqida qator muhim takliflarni ilgari surdi.

19 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili hamda Eron Islom Respublikasi vitse-prezidenti Sorena Sattoriy bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Gruziya Bosh vaziri bilan muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi transport va logistika, savdo, sanoat kooperatsiyasi sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish muhokama qilindi. Gruziyaning transport infratuzilmasi mintaqa uchun juda muhimligini inobatga olib, Poti va Batumi portlari orqali mamlakatimiz yuklarini tashish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Eron vitse-prezidenti bilan uchrashuvda fan, innovatsiya va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, bio- va nanotexnologiyalar, IT, farmatsevtika tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Haftaning so‘nggi kuni yakshanba dam olish kuni bo‘lishiga qaramasdan, davlatimiz rahbari uchun faol tarzdi kechdi. Prezidentimiz Markaziy Osiyo, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari, shuningdek, Turkiya Respublikasi yetakchilari bilan telefon orqali muloqotlar qildi.

Muloqotlarda xorijiy davlat rahbarlari Prezidentimizni tavallud ayyomlari bilan qutladilar, shuningdek, ikki tomonlama aloqalarning yanada rivojlantirish borasida suhbat qildilar.

Shu o‘rinda alohida qayd etib o‘tish lozim, Prezidentimizning ochiq va pragmatik tashqi siyosati tufayli mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi oshib bormoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari, sa’y-harakatlari xalqaro miqyosda keng e’tirof etilmoqda.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi katta xizmatlari uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti tomonidan Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirlanganliklari ham buning bir ifodasi bo‘ldi.

Brifingda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirokida joriy haftada kutilayotgan muhim tadbirlar haqida jurnalistlarga ma’lumot berildi.

Boshlangan haftada ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ish taqvimi juda tig‘iz, davlat rahbari ishtirokida rejalashtirilgan tadbirlar ko‘p. Hafta davomida Prezidentimiz huzurlarida bir nechta dolzarb masalalarga doir tadbir muhokamalar rejalashtirilgan.

Xususan, tarmoq va hududlarda axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

28-29 iyul kunlari Toshkentda Shanhay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Prezidentimizning Tashkilot tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, 25-26 iyul kunlari Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi va unda 20 dan ortiq davlat delegatsiyalari ishtirok etadi. Ularga Prezidentimiz murojaat yo‘llashi kutilmoqda.

O‘zA