Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentning Andijon viloyatiga tashrifi hududiy rivojlanish va strategik yangilanishlarni boshlab berdi
11:11 / 2025-04-17

Munosabat

2025 yilning15-16 aprel sanalari andijonliklar hayotida unutilmas kun sifatida muhirlandi. Sababi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijonga amalga oshirgan bu galgi tashrifi doirasida qator infratuzilmaviy, sanoat, transport va ijtimoiy loyihalar taqdimot qilinib, viloyat taraqqiyotini belgilab berishga qartilgan muhim qarorlar qabul qilindi. Shu bois, mazkur tashrif Andijon viloyatidagi rivojlanish jarayonlarida yangi bosqich sifatida qaralmoqda. 

Ikki kunlik tashrifi davomida Yangi Andijon shahrini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar muhokama qilindi. Xususan, yangi turar joy massivlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari qurilishi, madaniy-ma’rifiy maskanlar, xususan, “Yangi O‘zbekiston” bog‘ining tashkil etilishi, shahar infratuzilmasida yashil hududlarni kengaytirish kabi masalalar shular jumlasidandir. 

Bugungi kunda butun respublika uchun namunaga aylangan yangi Andijon loyihasi faqat arxitektura emas, balki fuqarolarning turmush sifati va madaniy muhiti bilan bog‘liq keng qamrovli o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi bunyodkorlik loyihasi sifatida ham e’tirof etilmoqda. Unda “aqlli shahar”, “ekoshahar” va “inklyuziv jamiyat” tamoyillari markaziy o‘rin tutadi. Eng muhim tashabbus Yangi Andijon shaharchasiga – Bobur shahri deb nom berilganligidir. Davlatimiz rahbarining ushbu taklifini hech shubhasiz ko‘p ming sonli andijonliklar ko‘nglidagi istak deb aytish mumkin.

Tashrif doirasidagi yana bir muhim yangilik bu Andijon xalqaro aeroportining ishga tushirilganligidir. Bu aeroport 1978 yilda qurilgan bo‘lib, hozirgi talablarga mos kelmay qolgan edi. Uchish-qo‘nish yo‘lagining yuk ko‘tarish qobiliyati pastligi, zamonaviy yoritish tizimining yo‘qligi sababli qatnovlarni qabul qilish imkoniyatlari cheklangandi.

Bugungi kunda rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichi bitkazildi. Uzunligi 3 ming 300 metr, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘lagi va samolyotlar to‘xtash joyi qurildi. Drenaj tizimi yangilanib, yer osti suvi qochirildi. Shuningdek, bu yerda ikkinchi yurish yo‘lagi qurilishi davom ettirilib, IKAO CAT-II toifasidagi radar, meteorologiya va yoritish uskunalarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Natijada Boeing, Airbus rusumidagi yirik samolyotlarni noqulay ob-havo sharoiti va tungi vaqtlarda ham qabul qilish mumkin bo‘ladi. Bu kunlik parvozlar sonini 10 barobargacha oshirish imkonini beradi.

Hozirda, ikkinchi bosqichda yo‘lovchi terminalini yangidan qurish ko‘zda tutilgan. Bu orqali yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga avvalgi 300 tadan 1000 taga, parvozlar soni yiliga 584 tadan 3 ming 700 taga ortadi. Bu Andijon shahri va Farg‘ona vodiysiga qatnovlar sonini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, viloyatdagi sanoat zonasida yangi korxonalar tashkil etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga oid loyihalar ham taqdim etildi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi joriy yilda 5 milliard 700 million  dollarlik 166 ta investitsiya loyihani ishga tushirish imkonini beradi. Bu orqali 31 mingta ish o‘rni ochiladi. 31 turdagi yangi mahsulot olish yo‘lga qo‘yilib, 1,5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. Korxonalarni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun 65 megavatt yangi quvvatlar barpo etiladi. Eng muhimi, yil yakuniga qadar viloyatda 305 ming nafar aholi daromadli ish bilan ta’minlanadi.

Umuman olganda, Andijonga amalga oshirilgan tashrif doirasida belgilangan loyihalar va tashabbuslar viloyatning hududiy rivojlanishida yangi bosqichni boshlab berdi. Yangi Andijon shahrini rivojlantirish, transport va sanoat infratuzilmasini yangilash, jamoatchilik hayotini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar strategik ahamiyat kasb etadi. Bu esa nafaqat viloyat, balki butun Farg‘ona vodiysi taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.

Mavluda ADHAMJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish 

masalalari qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA