Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentlikka nomzodlarning dasturlarida Afg‘oniston masalasida nima deyilgan?
21:43 / 2021-09-28

Fikr

Joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘onistonda hokimiyat almashinuvi, toliblarning hukumat tepasiga kelishi natijasida dunyo davlatlari Afg‘oniston bilan, aniqrog‘i, toliblar bilan bundan keyingi munosabatlarini qayta ko‘rib chiqmoqda. Tabiiyki, Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh bo‘lgan O‘zbekistonning tashqi siyosatida ham Afg‘oniston masalasida yangicha yondashuvlar o‘z ifodasini topmoqda.  

2021 yilning 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda prezidentlikka nomzodlarning dasturlarida Afg‘oniston masalasiga oid tashabbuslar bormi, degan savollar tug‘ilishi tabiiydir. Nega deganda xalqimizda “qo‘shning tinch, sen tinch” degan hikmat bor. Afg‘onistonda beqarorlik va inqirozning rivojlanishi istaymizmi, yo‘qmi O‘zbekistonga ham salbiy ta’sir qiladi. Shu sababli Afg‘onistonda barqarorlik qaror topishidan bevosita O‘zbekiston ham manfaatdorligi kunday ravshan.

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodovning saylovoldi dasturida O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi siyosatini mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mintaqaviy xavfsizlikning asosiy muammolarini, shu jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatni hal qilishga yordam berishga qaratish, Afg‘oniston bilan aloqalarni mustahkamlash jarayonlarini davom ettirish nazarda tutilgan.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi nomzodi Bahrom Abduhalimov esa o‘z dasturida Afg‘oniston masalasiga bevosita to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘xtalmagan bo‘lsa-da, ammo uzoq va yaqin xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama manfaatli aloqalarni mustahkamlash, o‘zimizning yaqin qo‘shnilarimiz bilan ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolishni nazarda tutuvchi tashabbuslar Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, u yerda inqirozning chuqurlashishiga yo‘l qo‘ymaslik, Afg‘onistonga yaqindan yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Maqsuda Varisovaning dasturida ilgari surilgan yaxshi qo‘shnichilik, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash tamoyillari ham o‘z mantig‘iga ko‘ra, Afg‘oniston bilan yaxshi qo‘shnichilik hamda o‘zaro hamkorlikka ishora qiladi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevning dasturida esa Afg‘oniston bilan munosabatlar yuzasidan “Qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga, jafokash afg‘on xalqiga qo‘limizdan kelgan barcha yordamni ayamaymiz. “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurish hamda energetika, savdo va sanoat sohalaridagi strategik va muhim loyihalarni hamkorlikda, albatta amalga oshiramiz” deyilgan.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Alisher Qodirovning dasturida ham Afg‘oniston masalasiga e’tibor berilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston tashqi siyosatida eng muhim ustuvor yo‘nalish sifatida Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Afg‘oniston bilan ham yaqin iqtisodiy va siyosiy munosabatlar yo‘lga qo‘yilishi nazarda tutilgan.

bugungi kunda Afg‘onistondagi jarayonlar salbiy rivojlanishining oldini olish, inqirozning chuqurlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bu mamlakatda hukumat tepasiga kimlar kelishdan qa’tiy nazar, Afg‘oniston bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini saqlab qolish hamda yaqindan yordam berish lozim.

Shunday qilib, prezidentlikka nomzodlarning Afg‘oniston bilan yaxshi qo‘shnichilik siyosatini davom ettirish va ushbu davlatga yaqindan yordam ko‘rsatishga oid tashabbuslari O‘zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasiga to‘liq mos keladi. Bu konsepsiyada avvalo qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash ustuvor vazifa etib belgilangan.

 

Farhod Primov,  

IIV Akademiyasi ilmiy kotibi.