Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentlikka nomzod surxondaryolik saylovchilarga o‘z dasturini taqdim etdi
11:21 / 2023-06-14

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatov saylovchilar bilan uchrashuvini Surxondaryo viloyatida davom ettirdi.

Termiz shahridagi Termiz davlat universitetining yashillikka burkangan keng maydonida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda partiya faollari, mahalliy kengashlar deputatlari, talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari ishtirok etdi.  

Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Surxondaryo viloyati kengashi raisi Alisher Pardayev olib bordi. Nomzodning ishonchli vakili Mavjuda Hasanova saylovchilarga nomzodning tarjimai holi haqida atroflicha ma’lumot berdi.  

Prezidentlikka nomzod saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar haqida so‘z yuritib, bo‘lajak saylov uchun elektorat manfaatlarini ifodalaydigan va dasturiy maqsadlarga muvofiq quyidan yuqoriga tizimi asosida takliflar har tomonlama chuqur tahlildan o‘tkazilgani va keng qamrovli dastur ishlab chiqilganini ta’kidladi.  

Dasturda to‘qqizta yo‘nalish orqali yuzga yaqin g‘oya va tashabbus ilgari surilmoqda. Unda ijtimoiy himoyani kafolatlash, huquqiy imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish, qonun ustuvorligiga qat’iy rioya etish, davlat va jamiyat boshqaruvini xalq hokimiyatchiligi tamoyillari asosida yanada demokratlashtirish bilan bog‘liq g‘oya va tashabbuslar o‘z aksini topgan.  

Masalan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash yuzasidan kiritilayotgan takliflardan birida nogironligi bo‘lgan shaxslarning shahar yo‘lovchi transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma ob’ektlaridan erkin foydalanishi uchun zarur sharoitlarni kengaytirish va rivojlantirish, mamlakatimizda BMTning Nogironlarga nisbatan umumjahon harakatlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rish masalasi ilgari surilgan. Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash huquqini ta’minlash maqsadida birlamchi va ixtisoslashgan tibbiy xizmatni aholiga yaqinlashtirish, mamlakatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, profilaktik choralarni kuchaytirish, tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy etish va tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, shifokorlar tomonidan dorilarni tayinlashda elektron retsept tizimiga o‘tish va sohada qat’iy davlat nazoratini o‘rnatish taklif etilgan.  

Davlat funksiyalarini bosqichma-bosqich fuqarolik jamiyati institutlariga berib borish orqali ularning ijtimoiy faolligini oshirish, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy sheriklik asosida xizmat ko‘rsatishga o‘tish, aholi muammolarini hal etishning eng samarali va adolatli shakli sifatida mahalla tizimini rivojlantirish, ma’muriy, ijtimoiy, ekologik, madaniy va boshqa muammolarni hal etishda uning to‘liq ishtirokini ta’minlash singari takliflar o‘rtaga tashlangan.  

Ochiq, samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda Prezidentlikka nomzod saylovchilarni qiziqtirgan savollariga javob berdi. Saylovchilar dastur, undagi taklif va tashabbuslar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod dasturini qo‘llab-quvvatlashga, saylovda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda qatnashishga da’vat etdi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri