Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentlikka nomzod qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashdi
20:04 / 2023-06-19

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abdushukur Xamzayev 19 iyun kuni Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni nomzodning ishonchli vakili Nosir Halimov olib bordi.  

Prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzayev so‘zga chiqib, saylovchilarni o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.  

Unda mamlakatning ekologik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni hal etishga doir strategiya va dasturlarni amalga oshirish uchun davlat organlari, tadbirkorlik sub’ektlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, OAV hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini jalb etish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan parlament hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi masalalar qamrab olingan.

Dasturda Qashqadaryo viloyati aholisi uchun qulay atrof-muhit sharoitlarini yaratish bo‘yicha ham qator rejalar belgilangan. Xususan, Qashqadaryo viloyatida anchayin dolzarb muammo hisoblanadigan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasini oshirish, viloyatdagi 57 yirik sanoat korxonalari, 254 qo‘shma korxonalar, 5 ming 561 kichik sanoat korxonalari tomonidan atmosfera havosiga zararli gazlarning chiqarilishini oldini olish, kamaytirish maqsadida oqova suvlarni tozalash inshootlarining samaradorligi past bo‘lgan hududlardagi oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish hamda yangilarini qurish choralarini ko‘rish hamda atrof-muhitga me’yordan ortiqcha ifloslantiruvchi moddalarni chiqarganlik uchun kompensatsiya to‘lovlarini 5-10 baravargacha oshirish orqali xalqning roziligiga erishish maqsad qilingan.

Shuningdek, farovonligimizning asosiy manbalaridan biri bo‘lgan yer resurslaridan samarali foydalanish va aholini oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida yer resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasidagi huquqiy baza “aqlli” va resurs tejovchi qishloq xo‘jaligi tamoyillari asosida takomillashtirilishi aytib o‘tildi.  

Uchrashuv davomida nomzod so‘nggi yillarda viloyatda iqtisodiy o‘sish sur’ati oshgani va kelgusida yashil iqtisodiyotga o‘tish orqali bu natijalarni yanada yuqori pog‘onalarga ko‘tarish, imkoniyatlarni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.  

Uchrashuvda partiya a’zolari, tumanlardan kelgan saylovchilar bilan samimiy muloqot bo‘ldi. Ular viloyatdagi o‘zgarishlarni qayd etib, o‘z fikr va takliflarini bildirdi.  

O‘lmas Barotov, O‘zA.