Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentlikka nomzod qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashdi
19:54 / 2023-06-13

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudova qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda saylovoldi dasturi haqida gapirar ekan advokatura institutini rivojlantirish va korrupsiyaga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish xususida to‘xtalib o‘tdi.

– Ma’lumki, inson huquqlarini ta’minlash va uni munosib himoya qilishda advokatura institutining o‘rni va roli beqiyos. Shu bois, odil sudlovni ta’minlashda advokatga berilgan huquqlarni qayta ko‘rib chiqish, ularga kasbiy vazifalarini samarali bajarishi uchun qo‘shimcha vakolatlar berish zarur.

Advokatura institutini rivojlantirish tomon yana ildam qadamlar qo‘yish kerak, sudyaning sud jarayonidagi faol rolini bosqichma-bosqich kamaytirib borib, asosan tomonlar o‘rtasidagi keltiriladigan dalillarni baholashga ko‘proq urg‘u berish kerak. Biz advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish yo‘lidan boramiz. Ayniqsa, advokatura, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvini yanada yaxshilash choralarini ko‘ramiz.

Biz korrupsiyadan xoli jamiyat yo‘lida xalqimiz bilan birgalikda kurashni davom ettirishimiz lozim. Maqsadimiz – davlat boshqaruvining barcha sohalarida, jumladan, sud tizimi va huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyatida, ta’lim va sog‘liqni saqlash, qurilish va boshqa sohalarda korrupsiyani yo‘q qilishdir.  

Aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhiti va madaniyatini shakllantirish, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga “Toza qo‘llar” siyosatini singdirish, qonun ustuvorligini ta’minlash choralarini ko‘ramiz. Hukumat a’zosi bo‘lgan ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari o‘zi rahbarlik qilayotgan sohaga ajratilgan mablag‘larni samarali va maqsadli ishlatish bo‘yicha birinchi navbatda o‘zi javob beradigan tizim joriy qilinishini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat davlat organlari va huquqni muhofaza etish tuzilmalarining vazifasi, balki butun jamiyatning burchi ekanligini e’tirof etib, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasizlik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqamiz va keng ommaga yetkazish borasida samarali targ‘ibot ishlarini tashkil qilamiz.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.