Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov namanganlik saylovchilar bilan uchrashdi
16:26 / 2021-10-06

Davlatobod tumanida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston Ekologik partiyasi faollari, partiyadan saylangan deputatlar, "Ayollar qanoti", "Yoshlar qanoti" vakillari, ziyolilar, nuroniylar va yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Prezidentlikka nomzodning Namangan viloyatidagi ishonchli vakili, Namangan davlat universitetining Ekologiya kafedrasi dotsenti, geografiya fanlari nomzodi Abdug‘affor Nazarov so‘zga chiqib Narzullo Oblomurodovning tarjimai holi haqida batafsil ma’lumot berdi. Uchrashuvda Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov o‘z saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifa va maqsadlarni keng tahlil etib, yangi siyosiy kuch sifatida maydonga chiqqan partiya faoliyatiga to‘xtaldi.

Yurtimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni izchillik bilan hal etish va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlardan iborat taklif va g‘oyalarini bildirdi.

– Ekologik xavf-xatarlarga qarshi kurashish, ularni bartaraf etishda davlat va jamoatchilik ishtiroki hamda nazorati samaradorligi oshiriladi, jamoatchi ekologik inspektorlar faoliyatida elektron tizimlardan foydalanish, huquqbuzarliklarning profilaktikasi takomillashtiriladi, – dedi nomzod Narzullo Oblomurodov. – Shuning barobarida, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalarida yoshlar faolligini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Qolaversa, bugungi kunda butun dunyoda global iqlim o‘zgarishi bo‘yicha vaziyat jiddiyligiga qaramay, sanoat korxonalari tomonidan atrof-muhitga chiqarilayotgan tashlama, oqova suvlar va chiqindilar hajmining hamon yuqori darajada qolayotgani iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq inqirozni yanada murakkablashtirmoqda. Bu borada tezkor choralar ko‘rilmasa, kelgusida global tusdagi muammolar bundanda ayanchli ko‘rinish olishi mumkin.

Qayd etish joiz, nomzodning saylovoldi dasturi mamlakatning rivojlanishi va ertangi kuni bilan bog‘liq bo‘lgan muhim tashabbuslar ilgari surilayotgani, birinchi navbatda ekologik holatni yaxshilash, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish hamda ijtimoiy muammolarni hal etish uchun yangi imkoniyatlardan foydalanish yo‘llari taklif qilinayotgani bilan ahamiyatga ega.

Ekologik partiya yashil taraqqiyot hamda yashil iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish tarafdori. Kelajakni yashil iqtisodiyot taraqqiy topgan, qayta tiklanuvchi energiya hamda resurs tejamkor texnologiyalar joriy etilgan zamonaviy raqobatbardosh iqtisodiyotni barpo etishni asosiy maqsad qilgan. Shuningdek, kelgusida Ekopartiya energetika sohasini tubdan isloh qilish, ekologik muvozanatni ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va xalqaro hujjatlarni qabul qilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ilm-fan va madaniy-ma’rifiy sohalarni yanada rivojlantirish, shuningdek tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida ezgu ishlarga bosh bo‘lishi saylovchilarga yetkazildi.

Saylovoldi uchrashuvda saylovchilar 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezidentlik saylovida yashil taraqqiyot uchun ovoz berishga chorlandi.

 

Oqilxon Dadaboyev,

Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA