Butun dunyoda chiqindini boshqarish tizimi xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladi. Xitoy davlatining eng boy ayoli ham chiqindini qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan milliarder tadbirkor hisoblanadi.
Mamlakatimizda ham chiqindilarni qayta ishlaydigan korxonalar soni tobora ko‘paymoqda.
Jumladan, Namangan viloyati markazida ham "Namangan musaffo iqlim" mas’uliyati cheklangan jamiyati chiqindilarni qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan yirik klasterlardan biri sifatida tashkil etilgan bo‘lib, uning hisobida 160 tadan ortiq maxsus texnika mavjud. Ushbu klaster bir kunda aholidan 1000 kub atrofida chiqindini olib ketadi.
Korxona mas’ullarining ma’lum qilishicha, hozirgi kunda aholiga xizmat ko‘rsatish qamrovi 2 million 800 ming aholining 71 foizini tashkil etadi. 2022 yilga kelib qamrov darajasini to‘liq 100 foizga olib chiqish rejalashtirilgan.
Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov ushbu klasterda bo‘lib, hozirgi kunda ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada rivojlantirish zarurligi hamda aholining qayta ishlash) to‘g‘risida ma’lumotlar bazasini shakllantirish lozimligini ta’kidladi. Klaster faoliyatini takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Ekologik partiya rahbari Narzullo Oblomurodov “Musaffo iqlim” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan tanishuvi davomida maxsus avtomobillarni qayta ta’mirlaydigan mexanik ayol Adiba Rahimova bilan ham suhbat qurdi. Bu matonatli ayol maxsus avtotransportlarni ta’mirlash bilan 35 yildan buyon shug‘ullanib keladi.
Mexanik ayol Prezidentlikka nomzodga o‘z faoliyati davomidagi muhim voqealar, qiziqarli hodisalar va bosib o‘tgan yo‘li haqida so‘zlab berdi.
Narzullo Oblomurodov istiqbolda mehnatkash ayollarni munosib taqdirlash, ularning oilalariga va farzandlariga imtiyozlar berish kabi tashabbuslarn amalga oshirish niyati borligini aytib o‘tdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA