O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov Xo‘jaobod tumanidagi "Samo" tekstil korxonasida bo‘ldi.
Korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari, ekologik musaffolikni ta’minlash, ishchi-xizmatchilarning salomatligini muhofaza qilish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Korxonada mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar bilan suhbatlashdi, ularga o‘zining saylovoldi dasturi, dasturning muhim va asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlar berdi. Ishchilarga partiyaning esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Shundan so‘ng, tumandagi "Nil-Granit" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli suv tozalash inshootida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Suv zahiralaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish jarayonida sarflangan suvni qayta tozalash masalalari yuzasidan o‘zining taklif va tavsiyalarini berdi.
- Biz mamlakatning ekologik xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ifoda etuvchi davlat siyosatini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratamiz, - dedi Prezidentlikka nomzod N. Oblomurodov.
– Jumladan, sohada normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va xalqaro hujjatlarni qabul qilish, O‘zbekiston tomonidan qabul qilingan sohaga oid xalqaro xujjatlarda belgilangan majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash, sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi amaldagi qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirilgan yagona qonun hujjati shakliga keltirish, O‘zbekiston Respublikasining O‘rmon hamda Suv kodeklari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ekologik kodeksini qabul qilish eng asosiy maqsadlarimiz hisoblanadi.
Tashrif davomida Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov Asaka tumanining eng chekka hududidagi Fidokor mahallasida bo‘ldi.
Mazkur mahallada "Obod qishloq" davlat dasturi doirasida, shuningdek, ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Mahalla hududidagi 12- maktabgacha ta’lim tashkilotida mahalla ahli bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv qatnashchilarni o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Nuroniylar va yoshlar ishtirokida daraxt ekish aksiyasida qatnashdi. Mahalla guzariga manzarali daraxt ko‘chati o‘tkazdi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA