Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish taklifini ilgari surdi
12:12 / 2021-10-18

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashuvi davom etmoqda.

 Nomzod o‘z saylovoldi dasturida ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish, maishiy va sanoat chiqindilarini tartibga solishni taklif etmoqda.

– Sanoat korxonalarida yiliga o‘rtacha 109 million  tonna sanoat chiqindilari hosil bo‘ladi, – deydi Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov. – O‘zbekiston Respublikasida sanoat chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishning 10 yillik strategiyasini ishlab chiqish zarur. Chiqindilarni boshqarish masalalarida Sirdaryo viloyatida ham ko‘p ish qilingan. Sirdaryo viloyati mavjud 8 ta tuman va 3 ta shaharda viloyat “Toza hudud” DUKning tuman (shahar) filiallari tomonidan sanitar tozalash xizmati ko‘rsatib kelinmoqda. Viloyatda 10 ta maishiy chiqindi poligoni mavjud bo‘lib, maishiy chiqindi poligonlarining umumiy maydoni 44,63 gektarni tashkil etadi. Ularda 779 311 tonna maishiy chiqindi mavjud. Sanitar tozalash korxonalarida jami 101 ta maxsus texnika mavjud bo‘lib, shundan 65 tasi chiqindi tashish texnikasi hisoblanadi.

Ta’kidlanishicha, hududda 122 ta chiqindi yig‘ish maydonchasi va 879 ta chiqindi konteynerlari mavjud. Viloyatda haqiqatda istiqomat qiluvchi 861 526 nafar aholining 537 739 nafariga yoki mavjud 227 ta mahallaning 207 tasiga (91,0 foiz) sanitar tozalash xizmatlari ko‘rsatiladi. Hosil bo‘layotgan maishiy chiqindilarni qayta ishlash bilan 3 ta korxona shug‘ullanib kelmoqda. Ular bir yilda o‘rtacha 500 tonna polietilen, qog‘oz va boshqa chiqindilarni qayta ishlash imkonini beradi.

Nomzodning saylovoldi dasturida chiqindilardan ikkilamchi xomashyo sifatida foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunini yangi tahrirda qabul qilish taklifi ilgari surilgan.

Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodovning saylovchilar bilan uchrashuvi davom etmoqda.

 

Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA