Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov Andijon shahridagi ekoparkda bo‘ldi
18:15 / 2021-10-04

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov Shahrixon tumanida saylovchilar bilan o‘tkazgan uchrashuvidan so‘ng Andijon shahridagi ekoparkda bo‘ldi.

Mazkur ekoparkda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shu yerda bir guruh nuroniylar bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi.

Muloqotda ona tabiatni asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, aholi, ayniqsa, yoshlar ongida ekologik tarbiya va madaniyatni yuksaltirish, inson salomatligi, yurt ravnaqiga daxldor bo‘lgan atrof-muhit tozaligi masalasiga alohida e’tibor qaratish, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

– Jamiyatimizning biror bir a’zosi tabiatni muhofaza qilish, ekologik muammolarga befarq qaramasligi lozim, – dedi Narzullo Oblomurodov. 

– Bu borada targ‘ibot-tushuntirish, keng jamoatchilik ta’sir choralarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratish kerak.

Buning uchun qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimini joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirishning muhim strategik dasturlarini ishlab chiqishda ekologik xavfsizlik mezonlarini majburiy tartibda kiritish mexanizmini yo‘lga qo‘yish, ekologik xavf-xatarlarga qarshi kurashish, ularni bartaraf etishda davlat va jamoatchilik ishtiroki hamda nazoratini kuchaytirish, jamoatchi ekologik inspektorlar faoliyatini kengaytirish, mazkur yo‘nalishda huquqbuzarliklar profilaktikasini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning Andijondagi uchrashuvlari davom etmoqda.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA