Nukus shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisovaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashuvi boshlandi.
Prezidentlikka nomzod mamlakatimizda kechayotgan demokratik islohotlar, bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlari haqida Qoraqalpog‘iston hududi misolida gapirdi va o‘zining saylovoldi dasturi g‘oyalari xususida to‘xtalib o‘tdi.
Saylovoldi dasturidagi asosiy jihat ijtimoiy tenglik va xalq demokratiyasi mezonlariga mos keladigan davlat va jamiyat barpo etish Xalq demokratik partiyasining bosh maqsadi hisoblanadi. Bu maqsad birinchi navbatda aholi keng qatlamlari farovonligini ta’minlashni nazarda tutadi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘ziga xos hududiy imkoniyatidan kelib chiqqan holda rivojlantirish, buning ortidan fuqarolar manfaati yo‘lida bir qator masalalarni hal etish borasidagi takliflar bildirildi.
Misol uchun, nomzod tomonidan bu borada qishloq tumanlariga sanoatni olib kirish masala ilgari surildi. Bu tashabbusning e’tiborli jihati shundaki, qishloqlarga sanoat korxonalari kirib kelsa, ishsizlik kamayadi, mahalliy aholi doimiy daromad manbaiga ega bo‘ladi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash orqali jinoyatchilikning kamayishiga erishiladi, ko‘plab ijtimoiy masalalar bartaraf etiladi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA