Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisovaning ishonchli vakili saylovchilar bilan uchrashdi
09:43 / 2021-10-04

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisovaning Jizzax viloyatidagi ishonchli vakili Nuriddin Xolmatov Mirzacho‘l tumanida saylovchilar bilan uchrashdi.

Unda mahalliy Kengashlar deputatlari, partiyaning viloyat, tuman va shahar Kengashlari a’zolari, jamoat tashkilotlari vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faollari, yoshlar ishtirok etdi.

Nuriddin Xolmatov uchrashuvda nomzodning tarjimai holi, faoliyati, Saylovoli dasturidan joy olgan ustuvor vazifalar haqida saylovchilarga to‘liq ma’lumot berdi.

Jumladan, ishonchli vakil, Prezidentlikka nomzodning Saylovoldi dasturida mamlakatimizda ijtimoiy tengsizlikning barcha ko‘rinishlariga barham berish, pensiya hisoblash tartibini takomillashtirish, ayollarning bola parvarishidagi davrini ish stajiga qo‘shib hisoblash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa tayinlash, “Mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish zarurati borligi asoslab berilganini ta’kidladi.

Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi oilalarni ijtimoiy turar joylar bilan ta’minlash, aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimini joriy etish, asosiy oziq-ovqatlar narxlarini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini qat’iy o‘rnatish, qishloq tumanlariga sanoatni olib kirish Saylovoldi dasturdagi asosiy yo‘nalishlardan ekanligi ta’kidlandi.

Ishonchli vakil nomzodning Saylovoldi dasturidan bolalarni 2 yoshdan maktabgacha ta’limga qabul qiluvchi maxsus guruhlar tashkil etish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari jamoat transportidan foydalanishini bepul asosda yo‘lga qo‘yish, oliy ta’lim uchun grantlar sonini oshirish, fuqarolarning sudlarda xalq maslahatchilari sifatida, shuningdek, qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlashda jamoatchilikning keng ishtirokini ta’minlash borasidagi ustuvor yo‘nalishlar ham o‘rin olgani xususida to‘xtalib o‘tdi.

Saylovoldi dasturdan Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqboldagi imkoniyatlari, aholi bandligi, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, ichimlik suv va kommunal infratuzilma bilan bog‘liq muammolarga yechim topish zarurligi haqida qayd etilgan.

Ochiq, samimiy muloqotda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Ishonchli vakilga murojaat qildi hamda o‘z takliflarini bildirdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisovaning Saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlab, saylovchilarni ushbu nomzodga ovoz berishga chaqirdi.

A.Qayumov, J.Yorbekov(surat), O‘zA