Andijonda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisovaning saylovchilar bilan uchrashuvi davom etmoqda.
Nomzod tomonidan yuqori haq to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari yaratish, mehnatga layoqatli aholining shaxsiy tashabbuslari va uddaburonligini rag‘batlantirish, olis va chekka hududlarda shifokorlar hamda o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun “Qishloq shifokori” va “Qishloq o‘qituvchisi” dasturlarini amalga oshirish, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tizimini qonunchilik asosida mustahkamlash, yoshlarning kasb-hunar tanlashi, bepul va sifatli ta’lim olishi, o‘quv muassasalarini tugatgandan so‘ng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash, har bir insonning ijtimoiy xizmatlardan to‘la va bepul foydalana olishini qonunchilik darajasida va amalda kafolatlash uchun barcha choralar ko‘rilishi zarurligi qayd etildi.
Shu bilan birga, pensionerlarning hayot darajasini yaxshilash, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish, kam ta’minlangan, lekin boqimandalik kayfiyatida yurgan fuqarolarni jamiyatning faol ishtirokchisiga aylantirish, yolg‘iz keksalar, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotiy ehtiyojlariga e’tiborni kuchaytirish, nogironlar jamiyatlariga davlat subsidiyalarini ajratish yuzasidan takliflar ilgari surildi.
– Mamlakatimizda aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq solish tizimini joriy etish, har bir insonning minimal ijtimoiy xizmatlarni bepul olishini qonunchilik darajasida kafolatlash lozim, – dedi Maqsuda Varisova. – Bu aholi manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy himoyaning, qolaversa, fuqarolar mehnati rag‘batining adolatli mezoni bo‘ladi.
Shuningdek, uchrashuvda ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, davlat-xususiy hamda ijtimoiy sheriklik asosida aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish amaliyotini yanada rivojlantirish yuzasidan ham takliflar bildirildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),O‘zA