O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatov saylovchilar bilan uchrashuvini Jizzax viloyatidan boshladi.
Jizzax shahridagi musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyatdagi tuman va shahar saylovchilari, talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya faollari ishtirok etdi.
Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Jizzax viloyati Kengashi raisi Nuriddin Xolmatov olib bordi. Muloqotga kirishishdan avval ishonchli vakil Zulayho Akramova saylovchilarga nomzodning tarjimai holi haqida batafsil ma’lumot berdi. Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatov saylovoldi dasturidagi ustuvor yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi.
Jumladan, dasturda kuchli ijtimoiy siyosat, arzon uy-joy va sifatli kommunal xizmatlar, kafolatli va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, yoshlar uchun ta’lim kafolatlarini mustahkamlash, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti, tovar va xizmatlarning ijtimoiy maqbulligi, ijtimoiy tenglikka asoslangan demokratiya, sud-huquq islohotlari, konstruktiv tashqi siyosatga oid 9 ustuvor yo‘nalish bo‘yicha aniq va manzilli taklif hamda tashabbuslar ilgari surilgan.
[gallery-12255]
Bundan tashqari, Ulug‘bek Inoyatov O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadi – ijtimoiy davlat konsepsiyasi ekani, shu boisdan ham yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan ijtimoiy davlat maqomidan kelib chiqib, davlatning ijtimoiy majburiyatlarini samarali amalga oshirish mexanizmlarini mustahkamlash hamda demokratik ijtimoiy davlatni barpo etishga alohida e’tibor qaratilgani xususida to‘xtaldi.
Nomzod o‘z ma’ruzasida Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqboldagi imkoniyatlari haqida to‘xtaldi. Xususan, aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta’minlash, nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun barqaror ish o‘rinlari yaratish, infratuzilmani yaxshilash, ichimlik suvi, elektr, tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Ochiq, samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Prezidentlikka nomzodga murojaat qildi. Viloyatni yanada rivojlantirish borasidagi takliflarini bildirdi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar saylovchilarni Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlash va saylovda ushbu nomzodga ovoz berishga da’vat qildi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA