Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentlikka nomzod chirchiqlik saylovchilar bilan uchrashdi
12:00 / 2023-06-10

Chirchiq shahridagi “Kimyogarlar” madaniyat saroyida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudova saylovchilar bilan uchrashdi.

Tadbirda partiya faollari, deputatlar, mehnat faxriylari, faol xotin-qizlar va yoshlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Ishonchli vakil – “Adolat” SDP viloyat Kengashi deputati Gulnora Ahmedova nomzodning tarjimai holi va faoliyati to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi. Shundan so‘ng Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudova o‘z saylovoldi dasturida ilgari surilgan ustuvor g‘oyalar, maqsadlar, asosiy masalalarni saylovchilar e’tiboriga havola etdi.

Nomzodning saylovoldi dasturida vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida huquqiy demokratik, ijtimoiy davlat va barcha uchun farovonlik ta’minlangan adolatli fuqarolik jamiyati qurishning sotsial-demokratik modeli taklif etilayotganligi ta’kidlandi. Xususan, nomzod dasturida inson, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari davlat va jamiyatning eng yuksak qadriyatlari ekanligi tan olinib, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida har bir insonning farovon hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, mamlakatimizni erkinlik, adolatlilik, birdamlik, ijtimoiy himoya va mas’uliyat tamoyillari hukmronlik qiladigan, insonlarning keskin tabaqalanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan kuchli ijtimoiy davlat sifatida, aholining yuqori turmush darajasiga ega rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishiga erishish kabi vazifa va maqsadlarga alohida e’tibor qaratilgan.

Qolaversa, dasturda xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekanligi haqidagi konstitutsiyaviy prinsip davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida ta’kidlanib, xalq hokimiyatining yorqin timsoli bo‘lmish vakillik demokratiyasi institutining roli va ahamiyatini yanada oshirish, mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlash, jamiyatning innovatsion, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish va inson kapitalini rivojlantirish kabi masalalarda izchil takliflarning ilgari surilayotgani yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Konstruktiv ruhda, qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘lgan uchrashuv so‘nggida tadbir qatnashchilari yurt ravnaqi, fuqarolar farovonligini ta’minlovchi muhim siyosiy tadbirlarda faol ishtirok etishlarini bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Robaxon Maxmudovaning saylovchilar bilan uchrashuvlari davom etadi.

A.Musayev,O‘zA.