Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentlikka nomzod buxorolik saylovchilar bilan uchrashdi
08:22 / 2023-06-16

Nomzodlarning hududlarda saylovchilar bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda. Buxoro davlat tibbiyot institutining faollar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Robaxon Maxmudova saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda partiyaning mahalliy Kengash deputatlari, ta’lim sohasi vakillari, mahalla faollari, nuroniylar, saylovda ilk bor qatnashuvchi yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Nomzodning Buxorodagi ishonchli vakili, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi raisi Maqsud Hamidov tadbir qatnashchilariga nomzodning tarjimai holi, uning faoliyati haqida ma’lumot berdi. Shundan so‘ng, nomzodning saylovoldi dasturida ilgari surilgan g‘oya va maqsadlar haqida so‘z bordi.

Ta’kidlanishicha, nomzodning saylovoldi dasturida xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ayniqsa, qishloq joylaridagi xotin-qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilgan.  

– Biz xotin-qizlar faolligi va rolini oshirishda bardavom bo‘lib, barcha bo‘g‘indagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xotin-qizlar vakillarini ko‘paytiramiz, – deydi Robaxon Maxmudova. – Ayollarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qabul qilingan qonunlarning so‘zsiz ijrosini ta’minlaymiz. Bu borada alohida dasturlar ishlab chiqamiz va amalga oshiramiz.

Dasturda belgilangan shu kabi ustuvor vazifalar, mamlakatimizda xotin qizlarimiz bandligini ta’minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlar ayniqsa, qishloq joylardagi ayol-qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka jalb etish kabi masalalarda izchil takliflarning ilgari surilayotgani yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

[gallery-12359]

–Nomzodning saylovoldi dasturini tingladik, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali shifokori Shahnoza Po‘latova. –Nomzod o‘z dasturida ilgari surayotgan g‘oya va takliflar albatta yurtimizning ravnaqi fuqarolarimizning farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Kuchli ijtimoiy yo‘nalishda belgilangan maqsad va vazifalar hech bir saylovchilarni befarq qoldirmaydi.  

Tadbir nihoyasida nomzod tomonidan saylovchilarni qiziqtirgan barcha savollarga birma-bir, atroflicha javoblar berildi.

Zarif Komilov,

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA