Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov: “Yevropa hali Konstitutsiya haqida oddiy tushunchaga ham ega bo‘lmagan davrlarda Amir Temur davlatida konstitutsiyaviy qonunlar majmuasi – tuzuk mavjud edi”.
16:21 / 2021-10-12

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga “Adolat” sotsial demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Bahrom Abduhalimov qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda buyuk sohibqiron Amir Temur shaxsiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

– Bu yilgi ulkan siyosiy jarayonlarning muhim pallasida, har qarich tuprog‘ida Soxibqiron Amir Temur bobomizning xayrli izlari nurlanayotgan Qashqadaryo diyorida Siz, aziz saylovchilar bilan uchrashib turganimizdan baxtiyorman.

Bu ajoyib koshona, “Yoshlar markazi”ga to‘plangan otaxonu onaxonlarga, opa-singil, aka-ukalarimga, kelajagimizning ustunlari bo‘lgan aziz yosh yigit-qizlarimizga, barcha-barchangizga o‘zimning hurmatimni izhor qilaman.  

Tadbirimizning “Yoshlar markazi”da o‘tayotgani ham bizga ko‘p mas’uliyat yuklaydi. Bu hashamatli saroy misolida mamlakatimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikni ko‘ryapmiz. Nomzod sifatida o‘z ma’ruzamning kirish qismini shu muqaddas bir zamin, dunyoda o‘z bilim va salohiyati bilan chuqur iz qoldirgan ajdodlarimizni yod etishdan boshlash lozim deb hisoblayman.

Ha, safarim davomida surxondan Qashqadaryo tomon yurar ekanman ko‘z oldimda shu o‘lkada tug‘ilib, bolalik kezlarini qir-adirlarda ot choptirib o‘tkazgan, Vatan uchun, xalq uchun xizmat qilishga, o‘z yurtini bosqinchi kuchlardan himoya qilish uchun tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlagan Amir Temur bobomizning yorqin siymosi gavdalana boshlaydi. Amir Temur bobomiz hayoti haqida gapiradigan bo‘lsak, juda ko‘p, juda uzoq gapirishga to‘g‘ri keladi. Ammo, uning aql-zakovati, qudrati, salohiyati va adolatparvarligi hozir ham odamlarni shoshirib qo‘yadi.  

Tarixdan bilamiz, Amir Temur davlati adolatga va u orqali insonning ehtiyoji va tabiiy imkoniyatlariga asoslangan. Davlat ishlarini faqat adolat bilan olib borgan. Turli-tuman munosabatlarda adolatga tayangan. Ha, buyuk ajdodimiz har qanday davlatning istiqboli yaqin-yiroq mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yishga bog‘liq ekanini teran anglagan. Binobarin, Amir Temur o‘zini mohir diplomat sifatida ham namoyon qila olgan. Jumladan, Sharqni G‘arb bilan tinchlik, tijorat, elchilik yo‘li vositasida birlashtirishga harakat qilgan. Amir Temur Ispaniya qiroli Genrix III, Fransiya hukmdori Karl VI, Angliya qiroli Genrix IV saroylariga elchilar yuborib, qator xorijiy elchilarni ham o‘z saltanatida qabul qilgan.

Davlat siyosatimiz bugun Amir Temur ishlarining davomi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, hamkorlik munosabatlari bugun ham izchil davom etmoqda. Dunyo davlatlari bilan tobora kengayib borayotgan aloqalarimiz haqida mamnuniyat bilan uzoq gapirish mumkin. Istiqlol yillarida Amir Temur siymosi milliy davlatchiligimiz timsoliga aylandi. Amir Temur fenomeni bilan bog‘liq 4 ta qonun, Prezidentning 16 ta farmoni, 5 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 23 ta qarori qabul qilingani fikrimiz dalilidir.

Mashhur olimlar ta’kidlaganidek, “Yevropa hali Konstitutsiya haqida oddiy tushunchaga ham ega bo‘lmagan davrlarda Amir Temur davlatida konstitutsiyaviy qonunlar majmuasi – tuzuk mavjud edi”. Darhaqiqat, davlatni oqilona va odilona boshqarish san’ati bayon etilgan “Temur tuzuklari” o‘zining chuqur mazmun-mohiyati va dolzarbligini yo‘qotmagan, aksincha, hayotiy jabhalarda ma’naviy mezon bo‘lmoqda.  

Uning “Rosti – rusti”, ya’ni “Kuch – adolatda” degan hikmatli chaqiriqlari O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining bosh shioriga aylangan.