“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimov Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda partiya faollari, deputatlar, xayrixohlar, hamkor tashkilotlar vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar, faol ayol-qizlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.
Uchrashuv avvalida, Prezidentlikka nomzodning Namangan viloyatidagi ishonchli vakili – “Adolat” SDP viloyat kengashi raisi, Xalq deputatlari mahalliy Kengashi deputati Isroiljon Jo‘rayev ishtirokchilarga nomzod Bahrom Abduhalimovning tarjimai holi va faoliyati to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov so‘zga chiqib, o‘z saylovoldi dasturida ilgari surilgan g‘oyalar, asosiy masalalarni saylovchilar e’tiboriga havola etdi.
Xususan, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning rolini kuchaytirish, ijro hokimiyati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga vatanparvar, professional va fidoyi insonlar kelishini ta’minlash, jinoyatchilikka, poraxo‘rlikka, ta’magirlikka, zo‘ravonlikka qarshi murosasiz kurashish, adolatli va mustaqil sud-huquq tizimini yaratish ishlarini davom ettirish, sudni tom ma’noda adolat qo‘rg‘oniga aylantirish kabi asosiy masalalar diqqat markazidan joy olganligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda davlat va xususiy biznes hamkorligini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, ishchi-xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish to‘g‘risida fikr yuritildi.
Nomzod tomonidan ilgari surilgag Saylovoldi dasturiga ko‘ra, ma’naviy tarbiyaning ustuvorligini ta’minlash uchun “Adolat” SDP davlat barcha madaniy, tarixiy yodgorliklarni va tabiat yodgorliklarini ro‘yxatdan o‘tkazishi va saqlashi, ularga mablag‘ ajratishini shartligi qayd etildi. Milliy va tarixiy qadriyatlarimizga asoslangan “Jamiyatda yurish-turish odob-axloq qoidalari”ni yaratish va joriy etish g‘oyasi ilgari surildi.
Aholini sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlash, fuqarolar orasida tibbiy madaniyatni shakllantirish singari ijtimoiy masalalarning dasturdan joy olganligi alohida qayd etildi. Mamlakat uchun zamonaviy, yuqori intellektual kadrlarni tayyorlashda ta’lim tizimining barcha bosqichidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish va jadallashtirish g‘oyalari ham ma’qullandi.
Nomzod Bahrom Abduhalimov saylovchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha, hayotiy misollar bilan asosli javoblar berdi.
Saylovoldi dastur yuzasidan fikr-mulohaza bildirgan saylovchilar vakillari nomzodni qo‘llab-quvvatlab, 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Bahrom Abduhalimovga ovoz berishga chorladilar.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA