Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentlikka nomzod andijonlik saylovchilar bilan uchrashdi
16:45 / 2023-07-03

Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abdushukur Xamzayev Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Andijon davlat universitetida boʻlib oʻtgan uchrashuvda partiya faollari, deputatlar, hamkor tashkilotlar vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.  

Dastlab Prezidentlikka nomzodning Andijon viloyatidagi ishonchli vakili X.Maqsumov Abdushukur Xamzayevning tarjimayi holi va faoliyati toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berdi.  

Shundan soʻng Prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzayev soʻz olib, yigʻilganlarni oʻzining saylovoldi dasturi bilan atroflicha tanishtirdi. Nomzodning saylovoldi dasturida ekologik rivojlanish maqsadlariga erishish orqali atrof muhit, tabiatni muhofaza qilish, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish jarayonlarini jadallashtirish, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish, aholining qulay atrof-muhitga ega boʻlish huquqini hamda ekologik xavfsizligini taʼminlash borasida bir qator maqsadli vazifalar qamrab olingan.  

Prezidentlikka nomzod A.Xamzayev keyingi yillarda Andijon viloyatida oʻsish suratlari ortgani, 2022-yilda oʻsish surati yalpi hududiy mahsulotda 108,6 foizni, jumladan, sanoatda 122,6 foiz, isteʼmol tovarlari ishlab chiqarishda 143,1 foiz, qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligida 103,5 foizni tashkil etgani, qolgan yoʻnalishlarda ham ijobiy natijalarga erishilgani andijonliklarning ishbilarmonligi, mehnatsevarligi samarasi ekanligini alohida taʼkidladi. 

 [gallery-12567]

Shundan soʻng Markaziy Osiyo va butun dunyo uchun dolzarb ahamiyatga ega Orol fojiasi, yer va suv resurslari muammolari, biologik xilma-xillikning qisqarishi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi genofondining, atmosfera havosining yomonlashuvi, sanoat va maishiy chiqindilarning toʻplanishi kabi ekologik muammolarga yechim topish va aholining qulay atrof-muhitga ega boʻlish huquqini taʼminlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha rejalashtirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.  

Nomzodning dasturida ekologik qadriyatlar ustuvorlikka aylanadigan, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, soʻz erkinligini qoʻllab-quvvatlash va OAV faoliyati kafolatlarini mustahkamlash, odil sudlovning samaradorligini oshirish borasida islohotlarni izchil davom ettirish, “Elektron hukumat” tizimini yanada keng joriy etish orqali davlat xizmatlarini koʻrsatish samaradorligini oshirish, advokaturani mustaqil, ishonchli huquqni himoya qiluvchi institutga aylantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, uchrashuvda sogʻliqni saqlash, taʼlim, ilm-fan va madaniy-maʼrifiy sohalarni yanada rivojlantirishga doir rejalar ham aytib oʻtildi.

Uchrashuvda Abdushukur Xamzayev saylovchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.

Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturi yuzasidan fikr-mulohaza bildirganlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga boʻlib oʻtadigan saylovda nomzod Abdushukur Xamzayev nomzodini qoʻllab-quvvatlashini bildirib, fuqarolarni Prezident saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.  

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), OʻzA