English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov Xorazmda
15:00 / 2021-10-07

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

“Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori hamda “Inson o‘zgarsa jamiyat o‘zgaradi” g‘oyasi bilan harakatlanayotgan partiyaning Urganch shahridagi saylovoldi targ‘ibot tadbiri yangicha yondoshuv, ochiq va oshkora, demokratik ruhda tashkil qilindi.  

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi viloyat kengashi faxriy a’zosi, nomzodning ishonchli vakili Bahodir Bobojonov Prezidentlik saylovi xalqimiz uchun kelajak tanlovi ekanligini ta’kidlab, nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.

Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov saylovoldi dasturidagi muhim yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi.

Nomzod saylovoldi dasturda ta’lim tarbiya, ma’naviyat va ma’rifat “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining eng ustuvor vazifalaridan ekanini, saylovoldi dastur aynan ushbu vazifalar asosiga qurilganini ta’kidladi.  

Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirovning saylovoldi dasturi 5 ta ustuvor yo‘nalish va 40 dan ortiq vazifalarni o‘zida jamlagan. Dasturda inson hayotining dastlabki davridan to mustaqil hayotga qadam qo‘yishigacha bo‘lgan jarayonlarga chuqur yondoshilgan.

Ayniqsa, “Yangi avlod” Davlat dasturi qabul qilinib, “Oila – bog‘cha – maktab” yagona tizimga birlashtirilishi, bog‘chalar davlat qaramog‘iga olinishi, bog‘cha guruhlarida bolalar sonini 15 nafardan oshirmasligiga erishish kabi vazifalar yig‘ilganlarda qiziqish uyg‘otdi.  

– Bugun odamlarimiz o‘z huquq va majburiyatlarini yaxshi bilmaganidan bitta muammosi o‘ntaga aylanmoqda, – dedi  Alisher Qodirov. – Tarbiyaning ajralmas qismi sifatida milliy kinoindustriyani ham isloh qilish lozim. Buning uchun soha vakillarining malaka oshirishlari, sohaga xorijdan tajribali mutaxassislarni jalb etish, milliy, tarixiy va zamonaviy filmlarni suratga olish uchun qulay tizim yaratiladi.

Ta’kidlanganidek, nomzodning saylovoldi dasturi 5 ta asosiy yo‘nalish, jumladan,  ta’lim va tarbiya, davlat boshqaruvi, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, ijtimoiy adolat, qadriyatlarga hurmat va fuqaro erkinliklarini ta’minlash, tashqi siyosat sohasini qamrab olgan. Shu ma’noda, partiya o‘z g‘oyalarini hayotga izchil tatbiq etgan holda saylovda faol ishtirok etishga harakat qilmoqda.

 

Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA